«Nitstsa» muxlislari Jim Retkliffning klubdan ketishini talab qilishmoqda.

Yakshanba kuni frantsuz klubi muxlislari 2019 yildan beri klub egasi bo'lgan Ineos kompaniyasi va uning rahbari Jim Retkliffga qarshi onlayn petitsiyani ishga tushirdi, deb xabar bermoqda RMC Sport. Muxlislar investorlarning klubga qiziqishi yo'qligidan va mablag' kiritilmayotganidan norozi.

Petitsiya matnida Retkliffning o'tgan yilning mart oyida aytgan so'zlari eslatib o'tilgan – Ineos egasi jamoa «juda zaif» bo'lgani uchun «Nitstsa» o'yinlarini tomosha qilmasligini aytgandi. Muxlislarning fikricha, tadbirkor 2023 yilda «Manchester Yunayted» aktsiyalarini sotib olganidan so'ng «Nitstsa» ishlariga qiziqishni to'xtatgan.

«Bu fars etarlicha uzoq davom etdi, Jim Retkliff! «Nitstsa» aravadagi g'ildirakni ushlab turadigan gaykaga aylandi. Biz esa - futbolka va chipta sotib oladigan sog'iladigan sigirlarga... Albatta, ular faqat shuni kutishadi. Transfer oynasi - bu falokat, yo'nalishsiz, mantiqsiz, shoshqaloqlik bilan.

Imkon qadar tezroq xaridor toping, agar hali topmagan bo'lsangiz, va keting! Klub bu chidab bo'lmas yukdan qutulgandan keyingina yutadi», – deyiladi bayonotda.

Petitsiya e'lon qilinganidan keyingi birinchi sutkada 1450 ta imzo to'pladi.

1-turda «Nitstsa» uyda «Tuluza»ga (0:1) yutqazdi. O'yindan keyin muxlislar jamoani hushtakbozlik bilan kutib olishdi.

«Bizni petitsiyani boshlashga «Tuluza»dan mag'lubiyat turtki bo'lmadi. Asosiy sabablar – ko'plab muxlislardan olgan g'azab va xabarlar edi. Agar boshida yaxshi narsalar bo'lgan bo'lsa, bugun na yo'nalish, na investitsiyalar mavjud.

Retkliff 2023 yilda «Manchester Yunayted»ni sotib olganidan beri, biz uning «Nitstsa»ga e'tiborsizligini ko'rmoqdamiz. Uning jamoa o'yinlarini tomosha qilmasligi haqidagi bayonotlari hurmatsizlik bo'lib, xavotir uyg'otdi», – dedi petitsiya mualliflaridan biri Loris De Gregorio.