"Napoli" "Jirona" bilan chap qanot himoyachisi Migel Guterresning transfer shartlari bo'yicha kelishib oldi.

Kelishuv qiymati 18 mln evroni tashkil etishi mumkin - agar Corriere dello Sport ma'lumotiga ishonilsa, klublar aynan shuncha summaga kelishgan. 24 yoshli futbolchining o'zi esa Italiyaning amaldagi chempionlari safiga o'tishga hali rozilik bergani yo'q.

2022 yilning yozida "Jirona" Migel Guterresni Madridning "Real" klubidan 4 mln evroga sotib olgandi. Ma'lum bo'lishicha, "qaymoqranglilar" o'z tarbiyalanuvchisining yaqinlashib kelayotgan qayta sotuvidan katta foiz oladi.

O'tgan mavsumda ispaniyalik 36 ta o'yinda maydonga tushib, 2 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.