Militao uzoq vaqtdan so'ng yana asosiy tarkibga qaytganiga munosabat bildirdi

Madridning "Real" klubi markaziy himoyachisi Eder Militao uzoq vaqtdan buyon ilk bor asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Braziliyalik futbolchi "qaymoqranglilar"ga o'rtoqlik uchrashuvida Avstriyaning "Tirol" klubini mag'lub etishga yordam berdi (4:0). 11-daqiqada 27 yoshli futbolchi hisobni ochgan bo'lsa, 62-daqiqada uning o'rniga Antonio Ryudiger o'yinga qo'shildi.
"Men uchun eng muhimi - maydonga qaytish. Vaqt kerak bo'ldi, lekin endi men yana sevimli ishimdaman va murabbiy meni maydonga tushirganida bor kuchimni beraman. Mening golim? Zarba yaxshi chiqdi, ammo to'p darvozaga kiradi deb o'ylamagandim," - deydi himoyachi intervyuda.
Eslatib o'tamiz, Eder Militao noyabrdan iyulgacha xochsimon bog'lami yirtilgani sababli maydonga tushmagan edi. Futbolchining qaytishi klublar o'rtasidagi jahon chempionatida "PSJ"ga qarshi o'yinda bo'lib o'tdi - o'shanda u ikkinchi bo'limda zaxiradan maydonga tushdi.