Filippinlik ikki vazn toifasidagi sobiq jahon chempioni Marlon Tapales yaqin kunlarda Yaponiyaga yo'l oladi. Maqsad — sobiq raqibi va yaqin do'sti Naoya Inouening navbatdagi jangi tayyorgarligida ishtirok etish. Inoue bu safar WBA Interim kamari sohibi, o'zbekistonlik Murodjon Ahmadalievga qarshi ringga chiqadi. Tapales esa ushbu tayyorgarlik jarayonida unga sparring raqib sifatida yordam beradi.

"Men yaqin haftalarda Yaponiyada mashg'ulot olib boraman — bu safar sobiq raqibim va do'stim Naoya Inouega, mening eski raqibim Murodjon Ahmadalievga qarshi tayyorgarlik ko'rishda yordam beraman. Bu tajriba menga o'zimning optimal sport formasini tiklashga va kelajakda yana jahon chempionligi sari yo'l olishga zamin yaratadi", — deydi Tapales.

Ma'lumot uchun, 2023 yil 8 aprel kuni Marlon Tapales Murodjon Ahmadalievga qarshi super engil vazn toifasida ringga chiqib, hakamlarning yakdil qaroriga ko'ra g'alaba qozongan va Ahmadalievning WBA (Super) hamda IBF kamarlarini qo'lga kiritgan. Shundan keyin Tapales 2023 yil dekabr oyida Naoya Inouega qarshi shu vazn toifasida ringga chiqib, WBA (Super) va IBF kamarlarini yo'qotgan. Naoya Inoue esa ushbu vaznda WBA, WBC, IBF va WBO kamarlarini birlashtirib, mutlaq jahon chempioniga aylangan.

Ma'lumot uchun, Inoue va Ahmadaliev o'rtasidagi jang 14 sentyabr kuni Nagoya shahridagi “IG Arena” majmuasida bo'lib o'tadi.

Manba: daryo.uz