Angliyaning “Kristal Pelas” jamoasi 2025/26 yilgi mavsumda Evropa Ligasi musobaqasida ishtirok eta olmaydi. Klub Angliya Kubogidagi g'alabasi tufayli Evrokubok yo'llanmasini qo'lga kiritgan edi, biroq UEFA uni musobaqadan chetlatdi. Bunga sabab — klub egasi Jon Tektorning yana bir jamoasi, Frantsiyaning “Lion” klubi ham Evropa Ligasi yo'llanmasini qo'lga kiritgani bo'ldi.

UEFA qoidalariga ko'ra, bitta egaga tegishli ikki klub bir musobaqada qatnasha olmaydi. Natijada, “Lion” musobaqada ishtirok etadi, “Kristal Pelas” esa turnirda qatnasha olmaydi. Ularning o'rnini “Nottingem Forest” egallaydi.

Klub boshqaruvi raisi Stiv Perish UEFA qaroridan noroziligini quyidagicha izohladi:

"Albatta, bu qarordan juda xafa bo'ldik. Eng avvalo, bizning muxlislarimiz uchun yomon xabar. Kubokni yutdik — klub tarixidagi ilk sovrin. Ammo bu xuddi lotereyani yutib, mukofotni olishga borganda bo'sh qo'l bilan qaytgan bilan barobar. O'yinchilar, murabbiylar va butun klub xodimlari uchun achinaman. Bu futbol uchun qora kun. Ko'pchilik tushunadi: biz bu yo'llanmani halol mehnat bilan qo'lga kiritdik, biroq boshqa sabab bilan undan bizni mahrum qildilar — bu mantiqsizlik. Apellyatsiya kiritishni rejalashtiryapmiz".

Eslatib o'tamiz, “Lion” so'nggi paytlarda moliyaviy muammolar tufayli Liga 1 musobaqasidan chetlatilishga yaqin turgan edi. Ammo ular apellyatsiya berib, keyingi mavsum ham Frantsiya chempionatida ishtirok etish uchun ruxsat olgan edi. “Kristal Pelas” esa UEFA qaroriga binoan Konferentsiyalar Ligasida qatnashadi.

Manba: daryo.uz