"Manchester Yunayted" va "RB Leyptsig" o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi

"MYu" va "Leyptsig" Benyamin Sheshko transferi doirasida o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi.
Avvalroq, "Manchester Yunayted" "Leyptsig"ning 22 yoshli forvardi transferini 76,5+8,5 mln evroga kelishib olgani ma'lum bo'lgandi.
Jurnalist Filipp Xinse xabariga ko'ra, Sheshko bo'yicha kelishuv doirasida klublar Leyptsigda o'rtoqlik o'yini o'tkazishga ham kelishib olgan - bu o'yin "RB Leyptsig"ga 1,5-2 mln evro keltirishi kutilmoqda. Shuningdek, nemis klubi futbolchini qayta sotish orqali foydaning bir qismini qo'lga kiritadi.
Qayd etilishicha, bonuslarni to'lash shartlariga osongina erishish mumkin, shuning uchun "RB Leyptsig" katta ehtimol bilan transferning to'liq summasini oladi. O'rtoqlik uchrashuvi va qayta sotuvdan tushishi mumkin bo'lgan daromadni hisobga olsak, klub taxminan 90 mln evro ishlab olishi mumkin.