Angliyalik hujumchi Noni Maduekaning transferi "Arsenal" tarixidagi eng qimmat xaridlar va "Chelsi"ning eng qimmat sotuvlari top-10 taligiga kirdi, deb xabar beradi Transfermarkt portali.

Avvalroq, nufuzli jurnalist Fabritsio Romano "kanonirlar" 23 yoshli futbolchi uchun barcha bonuslarni hisobga olgan holda 55,4 mln evro to'laganini ma'lum qilgandi. Ta'kidlanishicha, Madueke "Arsenal" bilan 5 yillik shartnoma imzolagan. Klub allaqachon transferni rasman e'lon qilgan.

Madueke transfer narxi bo'yicha Deklan Rays (116,6 mln evro), Nikolya Pepe (80 mln evro), Kay Xaverts (75 mln evro), Martin Subimendi (70 mln evro), Per-Emerik Obameyang (63,8 mln evro) va Ben Uaytdan (58,5 mln evro) ortda qolib, "kanonirlar" tarixidagi ettinchi eng qimmat xarid bo'ldi.

"Chelsi"ning eng qimmat sotuvlari orasida Madueke oltinchi bo'ldi, undan yuqorida Eden Azar (120,8 mln evro), Kay Haverts (75 mln evro), Meyson Maunt (67,7 mln evro), Oskar (60 mln evro) va Diego Kosta (60 mln evro) joylashdi.