Lyov: "Hozirda takliflarni o'ylab ko'ryapman va jamoalar haqida ma'lumot to'playapman"

Germaniyalik mutaxassis Yoaxim Lyov futbol federatsiyalaridan biri va bir nechta klublardan takliflar olganini va ularni ko'rib chiqayotganini ma'lum qildi.
"So'nggi bir-ikki hafta ichida menga murojaat qilib, suhbatga tayyorligim va bundan manfaatdorligimni so'rashdi. Hozirda bu takliflarni o'ylab ko'ryapman va bu jamoalar haqida ma'lumot to'playapman. Ehtimol, keyingi bosqichda hamkorligimiz samarali bo'lishi mumkinligini aniqlash uchun mas'ullar bilan uchrashuvlar o'tkazarman", - dedi 65 yoshli murabbiy.
Ilgari xabar qilinganidek, Lyov bilan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi muzokaralar olib borayotgan edi. Mutaxassisning o'zi 17 yil davomida Germaniya terma jamoasida ishlagan. Jahon chempionatida g'alaba qozongan. Biroq 2021 yilda bundestimni tark etganidan beri, murabbiylik faoliyati bilan shug'ullanmagan.