"Liverpul" vingeri Luis Dias yaqin kunlarda "Bavariya"ning yangi a'zosiga aylanadi. Bugun, dushanba kuni futbolchi Myunxenga uchib boradi, seshanba kuni esa transferni yakunlash uchun zarur bo'lgan tibbiy ko'rikdan o'tadi, deb xabar bermoqda jurnalistlar Tobi Altsheffl va Xayko Niderer. Avval xabar qilinganidek, kolumbiyalik futbolchining transferi nemis grandiga 75 mln evroga tushadi.

Luis Dias "Liverpul" safida 2022 yil boshidan buyon to'p tepib kelmoqda - o'shanda mersisaydliklar uni "Portu"dan 49 mln evroga xarid qilishgandi. 28 yoshli futbolchining ayni damdagi narxi nufuzli "Transfermarkt" portali tomonidan 70 mln evroga baholanmoqda.

Dias o'tgan mavsumda Arne Slot jamoasi safida 50 ta o'yinda maydonga tushib, 17 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.