"Liverpul" Angliya chempionatida transferlarga eng ko'p pul sarflagan klublar ro'yxatini boshqarmoqda. Nufuzli "Transfermarkt" portali e'lon qilgan raqamlar shundan dalolat beradi.

"Liverpul" umumiy qiymati 308,68 million evro bo'lgan 6 nafar futbolchini o'z safiga qo'shib oldi. Ular orasida hujumkor yarim himoyachi Florian Virts (125 million), markaziy hujumchi Ugo Ekitike (95) va chap qanot himoyachisi Milosh Kerkez (46,9) bor.

Ikkinchi pog'onadan 243,77 million evro ko'rsatkich bilan "Chelsi" joy olgan. Jamoaning eng yirik xaridi chap qanot vingeri Jeymi Gittens (64,3 million), shuningdek, 2 nafar markaziy hujumchi - Joao Pedro (63,7) va Liam Delap (35,5) bo'ldi.

Kuchli uchlikni "Arsenal" (157,8 million evro) yakunlab bergan. "Kanonirlar" tayanch yarim himoyachisi Martin Zubimendini 70 million, o'ng qanot vingeri Noni Maduekeni 55,4 million, shuningdek, markaziy himoyachi Kristian Moskerani 15 million evaziga o'z safiga qo'shib oldi.

Shuningdek, top-10 likdan "Manchester Yunayted" (153,2 million), "Manchester Siti" (145,7 million), "Tottenxem Xotspur" (140,6 million), "Sanderlend" (115,9 million), "Brayton" (80 million), "Byornli" (79,75 million) va "Lids" (69,4 million) klublari joy olgan.