"Liverpul" Ekitikeni sotib olgach, Nunes bilan xayrlashishi deyarli aniq

Hujumchi Darvin Nunesning "Liverpul"ni tark etishi deyarli muqarrar.
Chorshanba kuni "qizillar" Frankfurtning "Ayntraxt" klubi forvardi Ugo Ekitikeni o'z safiga qo'shib olganini e'lon qildi - bitim qiymati bonuslarni hisobga olgan holda 95 mln evroga etishi mumkin. Aftidan, qimmatbaho frantsuzning kelishi tarkibda Nunes uchun joy topilmasligini anglatadi. Jurnalist Ben Jeykobsning ma'lum qilishicha, urugvaylik futbolchi transfer oynasi yopilgunga qadar deyarli aniq ketadi. 26 yoshli futbolchiga hamon Saudiya Arabistoni chempionati vakillari qiziqish bildirmoqda.
Darvin Nunes uchun so'nggi vaqtlargacha "Napoli" asosiy da'vogar bo'lib kelayotgandi, ammo italyan klubi "Liverpul" 70 mln evro narx belgilagani uchun muzokaralardan chiqdi.