Yaqinda Qirg'izistonning Chopon-Ata shahrida o'tkazilgan shaxmat bo'yicha Markaziy Osiyo chempionatida O'zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan baxmallik Akbarshoh Achilov yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, katta muvaffaqiyat bilan Vatanga qaytdi.

Bugungi kunda Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi bolalar va o'smirlar sport maktabida tahsil olayotgan 13 yoshli Akbarshoh shaxmatga bo'lgan qiziqishini ilk musobaqalardayoq namoyon etgan. Tuman va viloyat miqyosidagi bir qator bellashuvlarda g'oliblikni qo'lga kiritib, o'z iqtidorini tobora chiniqtirib bordi.

Uning uchun Chopon-Atadagi chempionat — xalqaro sahnadagi ilk jiddiy sinov bo'ldi. Ammo yosh maestro bu imtihondan mardonavor o'tdi.

Akbarshoh mazkur chempionatda barcha raqiblarini mahorat va izchillik bilan ortda qoldirib, faxrli 1-o'rin sohibi bo'ldi. U Markaziy Osiyoning eng iqtidorli yosh shatranjchisi sifatida e'tirof etildi. Bu yutuq nafaqat uning shaxsiy zafari, balki Baxmal va O'zbekiston shaxmat maktabining yuksak salohiyati, yurtda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidir.