Italiyaning amaldagi chempioni ikki transferni yakunlash ustida ishlamoqda

"Napoli" transfer bozorida ikkita xarid ustida ishlamoqda.
Jurnalist Janluka Di Martsioning xabar berishicha, tez orada "Torino" posboni Vanya Milinkovich-Savichning 22,5 million evro evaziga "Napoli"ga transferi rasmiylashtirilishi kutilmoqda.
Klub umumiy summani bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyatiga ega bo'lish uchun shartnomada ko'rsatilgan 19 millionlik tovon pulidan ko'proq to'laydi. Qarama-qarshi yo'nalishda Siril Ngonj 1 million evro evaziga ijara asosida 18 million evroga sotib olish imkoniyati bilan o'tadi.
Shuningdek, "Napoli" "Yuventus"dan Fabio Miretti transferi ustida ham faol ish olib bormoqda. Bitim to'liq transfer yoki sotib olish majburiyati bilan ijara sifatida rasmiylashtirilishi mumkin.
21 yoshli yarim himoyachining transferi 10-15 million evroga baholanmoqda. "Napoli" futbolchisiga 4 yillik shartnoma va yiliga 1,5 million evro atrofida maosh taklif qilmoqda.