Italiyada «Dinamo» va «Milan» klublari o'rtasida hamkorlik o'rnatish masalalari ko'rib chiqildi

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboev Italiyadagi safari davomida jahonning eng mashhur futbol jamoalaridan biri «Milan» klubida bo'ldi.
Samarqand viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Adiz Boboev Italiya va Evropaning nomdor va ko'p karra chempioni «Milan» klubi ofisida bo'lib, milanliklar rahbariyati bilan uchrashdi.
Xususan, «Milan» klubi moliyaviy direktori Stefano Kochirio bilan uchrashuvda «Milan» klubi hamda Samarqandning «Dinamo» jamoasi o'rtasida hamkorlik o'rnatish masalalari ko'rib chiqildi. Jumladan, Samarqandda «Milan» futbol klubi akademiyasi dasturi bo'yicha iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash, «Milan Junior Camp»ni Samarqandda tashkil etish va shu orqali «Milan» klubi selektsionerlari nigohini mahalliy o'yinchilarga qaratish taklifi berildi.
Shuningdek, muloqotda «Dinamo» murabbiylari va mutaxassislarni «Milan» klubiga amaliyot va tajriba orttirish uchun yuborish masalasi muhokama qilindi. O'z navbatida Stefano Kochirio klubning UEFA Pro litsenziyasiga ega murabbiylari Samarqandga borib, o'z bilim va tajribalari bilan o'rtoqlashishi mumkinligini bildirdi.
Uchrashuvda yosh iqtidorlar va futbol mutaxassislari uchun Samarqandda seminar tashkil etish, Milandagi futbol akademiyasiga o'zbekistonlik iqtidorli yoshlarni jalb qilish orqali malakalarini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida «Milan» rahbariyati tomonidan Adiz Boboevga 1-raqamli klub libosi topshirildi. Milandagi Lombardiya - Samarqand hududlararo biznes va hamkorlik forumi davom etmoqda.