"Inter" himoyachisi uchun APL klubi ham kurashga qo'shildi

O'tgan mavsum Angliya kubogini qo'lga kiritgan "Kristal Pelas" klubi Milanning "Inter" klubi markaziy himoyachisi Yan-Aurel Bissekni o'z safiga qo'shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Gazzetta dello Sport nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, "Inter" 35 million evrodan boshlanadigan takliflarni ko'rib chiqishga tayyor. "Neradzurrilar" rahbariyati yaqinda "Vest Xem"ning 20 millionlik taklifini rad etdi va "Kristal Pelas" bilan dastlabki muzokaralarni o'tkazdi. Ushbu jamoaning taklifi bonuslar bilan birga 32 million evroni tashkil etdi.
Bu yil Germaniya terma jamoasida debyut qilgan futbolchining o'zi "Inter"da qolishni istashini aytib ulgurdi. O'tgan mavsumda 24 yoshli Bissek klub miqyosida 46 ta o'yinda maydonga tushib, 5 ta sariq kartochka oldi, 3 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.