Insayder Romano Isakning "Liverpul"ga o'tish ehtimolini baholadi

"Nyukasl" hujumchisi Aleksandr Isak "Liverpul"ning navbatdagi qimmatbaho yangi futbolchisiga aylanishi mumkin.
Shved mersisaydliklar safiga o'tishga qat'iy bel bog'lagan, bu haqda "qarg'alar" rahbariyatiga ma'lum qilgan. 25 yoshli futbolchi faoliyatini davom ettirishning boshqa variantlarini ko'rib chiqmayapti va tez orada "qizillar" hujumchi bo'yicha birinchi rasmiy taklifni berishi mumkin. Insayder Fabritsio Romano ma'lumotiga ko'ra, ayni damda Isakning "Liverpul"ga o'tish ehtimoli 60 foizni tashkil etmoqda. Yangi transfer ertagi yoz oxirigacha cho'zilishi ham ehtimoldan xoli emas.
Transfermarkt talqiniga ko'ra, Aleksandr Isakning narxi 120 mln evroga teng. Mish-mishlarga ko'ra, "Liverpul" futbolchi uchun Angliya Premer-ligasi tarixidagi rekord summani to'lashga tayyor.