Vengriya va Chexiyada o'tkazilgan Evropa kuboklari hamda xalqaro o'quv-mashg'ulot yig'inlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Federatsiya rahbariyati tomonidan iliq kutib olindi.

Uchrashuv avvalida federatsiya raisi Azizjon Kamilov, rais o'rinbosari Alisher Narbaev va boshqa mutasaddilar sportchilar hamda ularning murabbiylarini xalqaro maydondagi munosib natijalari bilan qutlashdi.

Azizjon Kamilov amalga oshirilgan ishlarning ahamiyatini ta'kidlab, asosiy e'tiborni oldinda turgan Jahon va Osiyo chempionatiga jiddiy tayyorgarlik ko'rishga chaqirdi. O'tkazilgan bellashuvlarni chuqur tahlil qilish, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish ustida ishlash kerakligini ta'kidladi.

Sportchilarimiz xorijda bo'lgan paytlari intizom va xulq-atvor masalalariga alohida e'tibor qaratishlari kerakligi aytildi. Federatsiyamiz mutasaddilari xalqaro yig'inlar, musobaqalarda, shuningdek raqiblar, murabbiylar va tashkilotchilar bilan muloqotda qat'iy rioya qilinishi kerak bo'lgan qoidalarni eslatib o'tishdi.

Dzyudochilar xalqaro maydonda O'zbekiston sharafini himoya qiladilar va ularning xatti-harakatlari ham tatamida, ham uning tashqarisida - jahon hamjamiyati ko'z o'ngida mamlakat qiyofasini shakllantiradi. Shuning uchun nafaqat sport mahoratini, balki dzyudo falsafasining asosi bo'lgan yuksak madaniyat, intizom va hurmatni namoyish etish ayniqsa muhimdir.