Mersisayd politsiyasi Angliya Premer-ligasining 1-tur uchrashuvi vaqtida "Bornmut" futbolchisi Antuan Semenoni haqorat qilgan "Liverpul" ishqibozini garov evaziga ozod qildi. Bu haqda The Guardian nashri huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar berdi.

"Erkak garov evaziga qo'yib yuborildi. Ayni paytda unga Buyuk Britaniyadagi har qanday rasmiy o'yinlarga borishi, shuningdek, stadionga bir milya (1,6 km) masofadan yaqinlashishi taqiqlangan. Hodisa yuzasidan tergov davom etmoqda", - deyiladi politsiya bayonotida.

Uchrashuv 15 avgust, juma kuni "Enfild"da bo'lib o'tdi va "Liverpul"ning 4:2 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlandi. Birinchi bo'limda o'yinda dubl qayd etgan Semeno nogironlar aravachasida o'tirgan "qizillar" ishqibozi tomonidan irqchilikka uchraganini hakamga aytdi. Hakam o'yinni to'xtatdi va 47 yoshli erkakni stadiondan haydab chiqarishdi. Keyin ma'lum bo'lishicha, u irqiy sabablarga ko'ra tartibni buzganlikda gumonlanib hibsga olingan.