Biatlon bo'yicha ikki karra Olimpiada chempioni Pokiston tog'larida halok bo'ldi

Pokiston tog'larida tosh ko'chkisi ostida qolgan biatlon bo'yicha ikki karra Olimpiada chempioni Laura Dalmaer halok bo'ldi. Bu haqda uning menejeri xabar berdi.
Ikki kunlik qidiruvdan so'ng uning jasadi qutqaruvchilar tomonidan topilgan. Dalmaer 28 iyul, dushanba kuni mahalliy vaqt bilan tushga yaqin taxminan 5700 metr balandlikda tosh ko'chkisi ostida qolgan. Ob-havo sharoiti va tosh ko'chishi xavfi yuqori bo'lganligi sababli unga faqat hozirga kelib etib borish imkoni tug'ilgan.
Aniqlanishicha, fojiali hodisa Dalmaer sherigi bilan balandligi 6069 metr bo'lgan Layla cho'qqisiga ko'tarilayotganda yuz bergan.
Sobiq biatlonchi tog' va chang'i bo'yicha sertifikatlangan yo'riqchi, tog'-qutqaruv xizmatining amaldagi xodimi bo'lib, tajribali alpinist hisoblangan.
Laura Dalmaer biatlon tarixidagi eng ko'p unvonli sportchilardan biri hisoblanadi. U ilk bor 2013 yil 1 mart kuni Osloda o'tkazilgan Jahon kubogida ishtirok etgan bo'lsa, 2015 yilda Germaniya estafetasi tarkibida jahon chempionatining birinchi oltin medalini qo'lga kiritgan. Umuman olganda, u etti marotaba jahon chempioni unvoniga sazovor bo'lgan. 2018 yilgi Pxenchxan Olimpiadasida u ikkita oltin medal - sprint va ta'qib poygalarida g'olib bo'lgan, shuningdek, yakka tartibdagi poygada bronza medalini qo'lga kiritgan. Bundan bir yil avval u Germaniya Federativ Respublikasida “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb e'tirof etilgandi.
Alpinizm va qoyaga chiqish bilan shug'ullanishdan tashqari, sobiq biatlonchi so'nggi paytlarda ZDF telekanalida ekspert sifatida faoliyat yuritgan.