"Barselona"ning sobiq direktori klub Isakni sotib olishiga yaqin kelganini esladi

"Barselona"ning sobiq sport direktori Ramon Planes hujumchi Aleksandr Isak Kataloniya klubiga ko'chib o'tishiga yaqin kelganini esladi.
Hozirda shvetsiyalik dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biri hisoblanadi. Yaqinda "Nyukasl" uni "Liverpul"ga deyarli 130 mln evroga sotishdan bosh tortdi.
"Isak "Real Sosedad"da o'ynab yurganida, u bilan shartnoma imzolashga juda yaqin edik. Men uni "Barselona" uslubiga juda mos keladigan hujumchi sifatida ko'rdim, ammo transfer amalga oshmadi," - dedi hozirda Saudiya Arabistonining "Al-Ittihod" klubida ishlayotgan funktsioner Sport nashriga bergan intervyusida.
Ramon Planes 2018 yildan 2021 yilgacha "Barselona" sport direktori lavozimida ishlagan.