Argentinalik yosh iqtidor: "Xabi Alonso bilan suhbat meni "Real"ga o'tishga undadi"

Madridning "Real" klubiga yangi kelgan hujumchi Franko Mastantuono "qaymoqranglilar" bosh murabbiyi Xabi Alonso bilan bo'lgan suhbat uning ispan klubiga o'tish qaroriga ta'sir qilganini ma'lum qildi.
"Men Xabi bilan gaplashdim. U bilan suhbat chindan ham meni bir qarorga kelishga undadi. U men bilan samimiy gaplashdi va bu men uchun juda muhim edi, deb o'ylayman. "River"ni tark etish oson emas, buni hammamiz bilamiz, ammo u menga qo'ng'iroq qilganidan so'ng biroz engil tortdim va shu sababli qaror qabul qildim," - deya Mastantuononing so'zlarini keltiradi AS.
Eslatib o'tamiz, 17 yoshli futbolchi "Real"ga 63,2 mln evro evaziga o'tgan va bu Argentina futboli tarixidagi eng yirik transfer hisoblanadi.