O'zbekiston terma jamoasi va Turkiyaning “Bashakshehir” klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullaev UEFA Konferentsiyalar Ligasi saralashi doirasidagi Norvegiyaning “Viking” jamoasiga qarshi bahslarda maydonga tusha olmaydi. Bu haqda jurnalist Aleksandr Troitskiy xabar berdi.

Abbosning yaqinlashib kelayotgan o'yinlarda ishtirok etishiga ruxsat berilmagan. U 14 avgustgacha bo'lgan bahslarda jamoasiga yordam bera olmaydi. Demak, “Viking”ga qarshi ikki uchrashuvda Fayzullaev ishtirok etmaydi. Umid qilamizki, “Bashakshehir” keyingi bosqichga yo'l oladi va Abbos bu mavsum Evrokuboklardagi debyutini o'tkazadi, deydi jurnalist.

Aleksandr Troitskiyning qo'shimcha qilishicha, Fayzullaevning ishtirokiga qo'yilgan cheklov hujjatlarni rasmiylashtirishdagi muammolar bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Unga ko'ra, bu holat futbolchining Rossiya klubidan transfer qilinganidan kelib chiqqan.  

Eslatib o'tamiz, “Bashakshehir” va “Viking” o'rtasidagi uchrashuvlar 7 va 13 avgust kunlari bo'lib o'tadi.