Sportchi ratsionini to'g'ri tashkil qilish muvaffaqiyat garovidir
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3914
Bugun O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasida “Sportchi ratsionini to'g'ri tashkil qilish muammolari” mavzusida ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tdi.
Tadbirda MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining rahbariyati va xodimlari, Milliy Antidoping agentligi, MOQ va OAV vakillari, Rossiyadan tashrif buyurgan mehmonlar, shuningdek, sport federatsiyalaridagi murabbiylar va shifokorlar ham ishtirok etishdi.
Koferentsiyada qatnashgan Milliy olimipiya qo'mitasi departament direktori Rustam To'xtamishev tadbir ishtirokchilariga samarali faoliyat va muvaffaqiyat tilab qoldi.
Dastur reglamentiga binoan Toshkent tibbiyot akademiyasi professori G.Shayxova dastavval mavzu yuzasidan tayyorlab kelgan taqdimotini barchaga namoyish qildi. Unda sportchilarimiz uchun uy sharoitida tayyorlanadigan ovqatlarimiz tarkibida oqsil, mineral, vitamin kabi qo'shimcha ozuqalar qanchalik me'yorda bo'lishi borasida qimmatli ma'lumotlar berildi.
O'zbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti dotsenti N.Svetlichnaya tayyorlab kelgan taqdimot ham o'zining dolzarbligi bilan yig'ilganlar e'tiborini tortdi. Uning taqdimotini davom ettirgan holda “Siberian Wellness” kompaniyasi vakili Yulian Tursin (Rossiya) tibbiyotda proteinli oziq-ovqat qo'shimchalarini qo'llashning istiqbollari haqida gapirib berdi. Konferentsiya yakunida Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi dietologi, tibbiyot fanlari nomzodi I.Otajonov “Oziq-ovqat ratsioni va menyusini sport turlarini inobatga olda holda shakllantirish” mavzusida master-klass o'tkazdi.
“Bunday tadbirlar hamkasblar o'rtasida tajriba, fikr va g'oyalar almashish bilan juda ham ahamiyatli. Barchamiz sportni targ'ib qilish yo'lida ishlamoqdamiz. To'g'ri ovqatlanish muammosi faqatgina sportda dolzarb emas. Ovqatlanishni to'g'ri yo'lga qo'yish salomatlikning muhim omili hisoblanadi. Sportchilar uchun, ularning jismoniy yuklamalarini hisobga olganda yanada muhim. Atlet yuqori natija qayd etishi uchun organizmi qo'shimcha ozuqaviy moddalarga ehtiyoj sezadi. Buni ular uchun chiqarilgan maxsus ozuqalardan qoplab olish mumkin”, – dedi rossiyalik mutaxassis Yulian Tursin.
Ushbu ilmiy-amaliy konferentsiyaning o'tkazilishi sportchilarimizning Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o'yinlariga ko'radigan tayyogarligida muhim o'rin tutadi. Bu kabi ma'ruzalarda, muhokamalarda ishtirok etish orqali sport tibbiyoti vakillari o'zlari uchun muhim jihatlarni belgilab olishdan tashqari mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish borasida ham tajriba orttirishadi.