O'zligini yo'qotmagan afsona
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 890
Ko'pchilik futbol yulduzlarini shon-shuhrat, boylik tufayli manmanlikka berilib ketganlikda ayblashadi.
Balki shundaydir, ammo Lilian Tyuram bu toifadan emas. Sobiq himoyachi o'zini Parij fuqarosi, deb hisoblaydi va yurt, xususan, poytaxt ravnaqiga munosib ulush qo'shishga intiladi. Ana shu insoniy fazilati evaziga o'z vaqtida poytaxtdan panoh topgan 9 yoshli bolakay endi nafaqat frantsuz, balki jahon futbolida o'chmas iz qoldirib ulgurdi.
Lilian Tyuram 1972 yili Gvadelupada tavllud topdi. Mamlakatning bu ovloq hududi bir qator buyuk futbolchilari bilan maqtana oladi. Terma jamoadagi o'yinlar soni bo'yicha mutlaq rekordchi bo'lgan Lilian Tyuram va Frantsiyaning eng yaxshi hujumchisi Terri Anri shular jumlasidandir. Hududda bor-yo'g'i yarim million kishi istiqomat qilishini inobatga olsak, ajoyib natija!
Ko'pchilik tanishlari kabi yolg'iz ona Mariana ham ish qidirib Karib dengizini tark etganida, Lilian 5 yoshda edi. Onasi uni qarindoshlari qaramog'ida qoldirishga majbur bo'lgandi. Ayol Parijdan boshpana va ish topgunicha oradan 4 yil o'tdi. Nihoyat, u o'g'lini qabul qilishga tayyorligini aytdi. Mushtipar ona farzandining emin-erkin ulg'ayishi uchun tinmay ter to'kdi. Shu tariqa Lilianda unga nisbatan cheksiz mehr shakllandi. Afsuski, bo'lajak yulduzning otasi Mariananing aksi bo'lib, o'z farzandidan chaqaloqlik paytidayoq voz kechgandi. Lilian o'z otasi bilan atigi bir marta ko'rishgan, hanuzgacha bu uchrashuvni eslashni ham istamaydi. Otalarcha g'amxo'rlik xususida gap bo'lishi mumkin emas.
Mariana doimo ish bilan bandligi bois, Fontenblo kommunasi ko'chalarini Lilian mustaqil ravishda o'rgandi. Birgina qirol saroyi bilan sayyohlar e'tiborini tortadigan mazkur hududni o'ta obod go'sha, deb bo'lmasada, bolakay o'z tengqurlari bilan to'p surishi uchun sharoit mavjud edi. Kichik Tyuramga shuning o'zi kifoya qilardi.
1991 yilda yigitcha Il-de-Frans ko'chalarini shinam Monakoga almashtirishga muvaffaq bo'ldi. Tez orada noyob iqtidor sohibi muxlis-u mutaxassislar e'tiboriga tushdi. O'zining aniq va bexato harakatlari bilan Lilian tengdoshlaridan yaqqol ajralib turar, kelishgan gavdasiga hamma havas bilan boqardi.
Biroq o'shanda frantsuz futboli mahzun davrini boshdan kechirayotgandi. JCh-1994dan chetda qolgan terma jamoa yoshlarga murojaat qilishni o'rinli deb topdi. Bosh murabbiy lavozimiga tayinlangan Eme Jake o'zining 4-uchrashuvida Lilian Tyuram va Zayniddin Zidanni ilk bora maydonga tushirdi. Ana shu debyutantlar tez orada buyuk jamoaning etakchilariga aylanishlarini mse Jake xayoliga ham keltirmagandi.
Klub miqyosida ham Tyuram eng sara jamoalar e'tiborida bo'ldi. Biroq Karlo Anchelotti tasarrufidagi «Parma» klubi grandlardan omadliroq chiqdi. E'tiborlisi, o'sha paytda bu jamoa ham anoyilardan emasdi - o'z safiga Fabio Kannavaro, Janluiji Buffon va Ernan Krespo kabi yosh iqtidorlarni jamlagandi. Keyinchalik italiyalik juftlik va qahramonimiz o'z faoliyatlarida jahon chempioni unvoniga sazovor bo'lishdi, argentinalik legioner esa Diego Maradonani quvib o'tib, terma jamoaning eng yaxshi to'purariga aylandi. Bu yoqda «Parma» «A» seriyaning kumush medallarini qo'lga kiritgan holda nufuzli sovrinlar uchun kurashni davom ettirdi.
Frantsiya mezbonligida o'tgan JCh-1998 tayyorgarligini Tyuram «Parma» himoyachisi sifatida o'tkazdi. Bu davrda mamlakatda notinchlik hukmron edi. Bir tomondan, muxlislar iqtidorli yoshlarning mundialdagi ishtirokini sabrsizlik bilan kutishgan bo'lsa, ikkinchi tomondan millatchi Jan-Mari Le Pen terma jamoani tan olmasligini bildirib, vaziyatni keskinlashtirib yuborgandi. Uning fikricha, «uch ranglilar» asosan qora tanli futbolchilardan tuzilgan. Lilian ko'pchilik vatandoshlari kabi siyosatchining fikriga qarshi chiqdi: «Ular oq tanli Bartezni ham, qora tanli Tyuramni ham tarkibga kiritishmadi. Biroq Bartez va Tyuram terma jamoadan baribir joy olishdi. Chunki ular - frantsuzlar».
Debyut turli sabablarga ko'ra juda og'ir o'tdi. Zidan sariq kartochka oldi, chorak finaldagi g'alaba penaltilar seriyasida qo'lga kiritildi. Lekin frantsuzlar o'zlarini yo'qotib qo'yishmadi, tobora jipslashib borishdi. Oldinda ularni Germaniya ustidan 3:0 hisobida g'alaba qozongan qudratli Xorvatiya kutib turardi. Bolqonliklar etakchisi Davor Shuker mezbonlar elkalaridagi yuksak mas'uliyat yuki Xorvatiyaga qo'l kelishiga umid bildirgandi.
Aynan shu bellashuv Tyuramni dunyoga tanitdi. Biroq bahs Shukerning taxminini qisman oqlagan holda va xuddi buyuk voqealardagi kabi tarixiy omadsizlik bilan boshlandi. Ya'ni, tajribali Davor debyutant Lilianni yosh boladek aldab o'tib, hisobni ochdi. Yakunda mundial to'purariga aylangan Shuker xatolardan unumli foydalanishi bilan nom qozongandi.
Xorvatiyalik mergan golni o'z jamoadoshlari bilan nishonlayotgan paytda Tyuramning yuzida ajib bir qat'iyat paydo bo'ldi. Vatanni, terma jamoani bu sharmandalikdan xalos etishga ahd qilganligini ko'zlari «aytib» turardi. Chunki o'tkazib yuborilgan golning asosiy aybdori u edi.
Bir daqiqadan keyin Lilian to'pni Zvonimir Bobandan tortib olib, Yuriy Jorkaeffga uzatdi, jamoadoshi tezda unga qaytardi. Shundan keyin Tyuram bor kuchi bilan olg'a intildi va kuchli zarba yo'lladi. Gol! Himoyachining o'sha reydi hatto hujumchilarni ham lol qoldirgandi. Shu tariqa «uch ranglilar» o'zlariga kelib olishdi, Tyuramning gunohi unutildi.
Muvozanat tiklangach, maydonning har qarichida murosasiz kurash kechdi. Navbatdagi burilish nuqtasi 69-daqiqada yuz berdi: Bobanning xatosidan yana bir marta foydalangan Tyuram chap oyog'i bilan darvozani nishonga oldi va... gol! «Balchiqdan to'ppa-to'g'ri taxtga!» - parijlik kelgindining bir o'yin davomidagi fantastik parvozini shu siyqasi chiqqan iboradan boshqasi to'la ifodalay olmaydi.
Bunday hayratomuz pallada futbol shunchaki sport maqomidan chiqib, ilohiy ulug'vorlik kasb etadi. O'sha oqshom Frantsiya ta'riflab bo'lmaydigan ulkan baxt og'ushiga ko'mildi. Uning qoq markazida - Tyuram, nima qilganini anglab etmagan, anglay olmayotgan Tyuram turardi. Chunki u bor kuchini sarflagan, zafarni nishonlashga madori qolmagandi. U tizzasi bilan maydonga cho'kdi, jamoadoshlari qo'ltiqlab olmagunlaricha shu alfozda o'tirdi.
«Men kim ekanligimni, qaerda bo'lganimni ma'lum muddat unutib qo'ygandek, hushsiz holatda edim» - mezbonlarni bir o'zi finalga olib chiqqan qahramon tarixiy qarama-qarshilikni shunday xotirlagandi. O'sha oqshom himoyachini ko'tarib olgan jamoadoshlari yo'l-yo'lakay bor ovozlari bilan qichqirishardi: «Tyuramni prezidentlikka!»
Yarim final nihoyasiga etgach, shu paytgacha farzandi bilan bog'lanishga ham urinib ko'rmagan Jozef Loter duch kelgan kishilarga Lilianning otasi ekanligini aytib maqtanardi: «Men Lilianning muxlisiman. U juda iqtidorli yigit». Tyuram hammasini darrov fahmladi: «Jozef Loterning qilig'i meni hayron qoldirdi. U mening dunyoga kelishim sababchisi bo'lishi mumkin. Lekin otam bo'lishga umuman haqqi yo'q. Ota xususidagi mening tushuncham unikidan keskin farq qiladi. Ota o'z zurriyodini tarbiyalashi, edirib ichirishi, hayotga tayyorlashi lozim. U farzandini hayot yo'lidagi to'siqlardan muhofaza qilishi kerak. Bu yumushlarni faqat onam bajardi». Mazkur e'tirofdan so'ng Loter qanday kelgan bo'lsa, shunday g'oyib bo'ldi.
Ikki kundan keyin Tyuram o'z nomini abadiylashtirdi. Jahon chempioni - tarixdagi 23 nafar frantsuzdan biri. U millatning sportdagi asosiy zafarida asosiy qahramon bo'ldi. U o'z jamoadoshlari hamkorligida Le Penning og'zini yumdi. «Finaldan so'ng katta qiyinchilik bilan yuz bergan voqeaga ishonch hosil qildim. Men jahon chempioni? Gvadelupada tug'ilgan Parijdagi qashshoq yigit jahon chempionimi? Yo'q, bunga ishonishni rad etaman».
Ko'pchilik bir amallab ortda qolgan mundial tush emasligiga uni ishontirishdi. Tyuram esa «Parma»ga qaytib, 1998|1999 yillar mavsumiga tayyorlana boshladi. Mazkur mavsum qahramonimizga bir yo'la 3ta sovrinni sovg'a qildi - «Parma» Italiya kubogi va Superkubogi, UEFA kubogi musobaqalarida zafar quchdi.
Mavsum yakunlangach, terma jamoaga qaytish payti keldi. Jahon chempionlari banketni davom ettirish ishtiyoqida edilar. Shu vaqtgacha hech qaysi jamoaga qatorasiga 2ta yirik turnirda shohsupaga ko'tarilish nasib etmagan, Tyuram shu orzuni amalga oshirishga ahd qilgandi. U odatdagidek kamsuqum, quruq safsatadan ko'ra maydondagi amaliy natijani ustun qo'yardi. Natijada Evro-2000ning Rotterdamdagi finalida Italiya tiz cho'ktirildi. Lilian esa asl superyulduz maqomida ramziy terma jamoa tarkibidan joy oldi.
Faqat shundan keyingina himoyachi qadrdon jamoasi - «Parma»ni chinakam grandga almashtirishga qaror qildi va 2000|2001 yillar mavsumi yakunida 25 mln. funt evaziga «Yuventus» safiga o'tdi. «Parma»da taklifni qabul qilishdan o'zga chora qolmagandi. Chunki turinliklar Tyuramni dunyoning eng qimmat himoyachisiga aylantirishgandi. Ungacha rekordchi bo'lib kelgan Rio Ferdinand uchun «MYu» atigi 18 mln.dan voz kechgandi.
Frantsiyalik himoyachi va Buffon ko'magida mustahkam qo'rg'onni yaratgan Marchello Lippi debyutant va jamoadoshlarini shohsupaga olib chiqdi.
Bu yoqda endi «uch ranglilar»ni navbatdagi jiddiy sinov - jahon chempioni unvonini himoya qilish vazifasi kutib turardi. Buni uddalash faqat Braziliyaga nasib etgan, bu yuksak natija 40 yil avval qayd etilgandi. Biroq aksiga olib, JCh-2002 arafasida Zidan jarohat olgan, boshqa yulduzlarning holati ham talab darajasida emasdi. Qisqasi, Osiyo mundialini chempion g'alabasiz va birorta gol urmagan holda barvaqt tark etdi.
Himoyachi Turinga tushkun kayfiyatda qaytgan bo'lsada, «A» seriyadagi ishonchli o'yinlari evaziga navbatdagi Skudettoni qo'lga kiritdi. Keyin yana terma jamoa uchun qora kunlar boshlandi: jamoa Evro-2004da Gretsiyadan engilgach, Lilian uning safida to'p surishdan bosh tortdi. Lekin Frantsiya JCh-2006 ishtirokchisiga aylangach, jamoaga qaytdi. Germaniya mundialining guruh bosqichini sobiq tojdorlar kamtarona - bitta g'alaba va 2 durang bilan boshladilar va «pley-off»ga 2-o'rin bilan chiqdilar. Ammo nimchorak finalda Ispaniya 3:1 hisobida mahv etilgach, Tyuram jamoadoshlarida o'zlariga ishonch paydo bo'ldi. Keyin qudratli Braziliya mag'ubiyatini tan oldi, yarim finalda esa aynan Lilian ochila boshlagan Ronalduni butunlay «yopdi». Zidan esa hal qiluvchi goli bilan Frantsiyani finalga olib chiqdi.
«Skuadra Adzurra» bilan kechgan hal qiluvchi bahs ortiqcha ta'rifga muhtoj bo'lmasada, eng keskin lahzani yodingizga solamiz: Marko Materatstsining hamiyatga tegadigan achchiq kesatig'iga chiday olmagan Zidan uning ko'kragiga kalla tortib, o'yindan chetlatildi. Oqibatda, g'alabaga yaqin turgan frantsuzlar g'alabani boy berishdi va penaltilar seriyasiga ko'ra kubok Italiyaga yo'l oldi.
Biroq eng nufuzli sovrin ham bu yurtni mashhur «Kalchopoli» mojarosidan qutqara olmadi. «Yuventus» «B» seriyaga yo'l oldi, Tyuram «Barselona»ga. Ammo Kataloniya grandi jahonning etakchi klubi maqomida bo'lsada, Frank Raykaard shogirdlari tizginini qo'ldan chiqarib qo'ygandi. Shu bois, Lilian hech narsaga erisha olmadi.
Nihoyat, u 2008 yilda yana qit'a birinchiligida terma jamoaga yordam berishga qaror qildi. Biroq jamoa guruhda qolib ketdi. Shundan keyin Lilian «uch ranglilar» safidagi ishtirokini 141 uchrashuv va 2 gol bilan yakunladi. Ha, 10 yil avval Xorvatiya darvozasiga urilgan va jamoaga tarixiy zafar yo'lini ochgan o'sha 2 gol...
Keyin Tyuram qudratli klubga aylangan «PSJ» taklifini qabul qildi. Lekin yuragida jiddiy muammolar aniqlangach, qadrdon shahri sharafini himoya qilish nasib etmadi.