11 nafar «yangi Messi» yoki yana Shomurodov haqida...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 5106
Eldor Shomurodovning o'yinidagi o'sish barchamizni birdek to'lqinlantirayotgani ayni haqiqat. Milliy jamoamizning bosh umidi va Ektor Kuperning asosiy to'purariga aylangan istiqbolli futbolchimiz China Cupda qanday go'zal gol urdi-ya, oh-oh... Hamyurtimizning «Rostov» tarkibidagi o'yinlaridan ilhomlangan rossiyalik kasbdoshlarimiz esa, uni «Yangi Messi» sifatida maqtashgacha borishdi.
Bunday e'tiroflar o'z yo'liga, «Yangi falonchi» maqomi iste'dodlarga xalaqit bermasa, bas. O'zi nafaqat Rossiya, balki butun jahon matbuotida kashfiyotlarni kimgadir «bog'lash» odat tusiga kirgan: «Yangi Messi», «Yangi Ronaldu», «Yangi Buffon» va hokazo. Endi «Yangi Messi» yorlig'ini olgan 11 nafar yigit bilan tanishib chiqsak. Chunonchi, ular orasida bizning Eldor ham bor. Yana bir tomoni, quyidagi futbolchilar turli mamlakatlar vakillaridir. sport24.ru saytida berilgan maqolada o'zbek futboli tarbiyalanuvchisiga shunday ta'rif berilgan:
Eldor «O'zbekiston Messisi» Shomurodov
Nega Messi? Shomurodovning o'zi Sport24 saytiga bergan intervyusida Rostovga ko'chib o'tganidan keyingina uni Lionel bilan taqqoslay boshlashganini alohida ta'kidladi. Umuman olganda, Eldorga Fernando Torres va Dide Drogba ko'proq yoqadi.
Hozir qaerda? O'zbekiston milliy terma jamoasining bosh umidi Osiyo kubogida yorqin o'yin ko'rsatdi (4ta uchrashuvda 4ta gol). Ayni payt esa Valeriy Karpin qo'l ostidagi «Rostov»ning asosiy tarkibidan muqim joy olishga urinmoqda.
Eldor Shomurodov -oxirgi 6ta o'yinda 5ta gol!
Milliy jamoamizda Maksim Shatskix va Aleksandr Geynrix o'rnini bosadigan munosib goleador bosh ko'tarayotgan bo'lsa, ajabmas. Har holda, Eldor Shomurodov O'zbekiston terma jamoasining oxirgi 6ta o'yinida 5ta gol urdi - ajoyib statistika.
1. O'zbekiston - Ummon - 2:1 (OK-2019)
8 daqiqa, 1ta gol
2. Turkmaniston - O'zbekiston - 0:4
(OK-2019)
90 daqiqa, 2ta gol
3. Yaponiya - O'zbekiston - 2:1 (OK-2019)
70 daqiqa, 1ta gol
4. Avstraliya - O'zbekiston - 0:0,
pen. - 4:2 (OK-2019)
104 daqiqa
5. O'zbekiston - Urugvay - 0:3
(China Cup)
64 daqiqa
Xitoy - O'zbekiston - 0:1 (China Cup)
72 daqiqa, 1ta gol
Jami: 6ta o'yin, 408 daqiqa, 5ta gol (o'rtacha har 81,6 daqiqada 1ta gol)
Boyan «Ikkinchi Messi» Krkich
Nega Messi? Hammasi oddiy: Krkichning futbolga kirib kelish tarixi argentinalik dahocha yo'lini eslatib yuboradi. U 9 yoshida «Barsa» tizimida paydo bo'lib, darhol betakror dribling mahorati bilan raqiblarini qiynashga tushdi. 17 yoshu 19 kunligida esa Kataloniya grandi safida debyut qilib, bu borada aynan Leo Messi o'rnatgan rekordni yangiladi. Qarangki, matbuotchilar keyinchalik olamshumul ma'lumotni aniqlashdi: Boyan va Lionelning bobokalonlari tug'ishgan aka-uka bo'lishgan!
Hozir qaerda? «Stok Siti» sharafini himoya qilayotgan Boyan joriy mavsum Chempionship doirasidagi 16ta o'yinda 1tagina gol urdi. Xullas, u haligacha bor iqtidorini ko'rsata olgani yo'q. Darvoqe, Serbiya milliy jamoasi taklifidan bosh tortib, ispanlarga rozilik bergan Krkich 2008 yili «qizil furiya» uchun atigi 22 daqiqa o'ynadi va hamon shunday kamtarona statistika bilan cheklanmoqda.
Mario «Germaniya Messisi» Gyottse
Nega Messi? Germaniyalik superiqtidorni jahonda ko'zga ko'ringan deyarli barcha murabbiylar aynan Leo bilan taqqoslashgan. Deylik, Yoaxim Lyov va Xosep Gvardiola kabi sermulohaza mutaxassislar ham vaqtida Marioni «Yangi Messi» birikmasi yordamida ta'riflashgandi. To'g'ri, Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyi keyinchalik Gyottsega baho berishda adashganini oshkora tan oldi: «Ha, Mario o'sha mundial finalida g'alaba golini urdi, ammo uni Messi bilan qayoslamasligim kerak edi. Bunday maqtovdan keyin yigitcha mukammallik sari intilishdan shunchaki, to'xtadi...».
Hozir qaerda? «Bavariya»ga shov-shuvli tarzda o'tganiga qaramay, Myunxenda omadsizlikka uchragach, qadrdon klubi - Dortmund «Borussiya»siga qaytdi. Joriy mavsum vaqti-vaqti bilan maydonga tushmoqda (agar sog'lom bo'lsa, albatta), ba'zan hattoki, sardorlik rolini bajarmoqda.
Denis «Rossiya Messisi» Davidov
Nega Messi? Murat Yakin davrida «Spartak» safiga yopirilib kirgan Denis barchani birdek hayratlantirdi. Ayniqsa, Moskva klubi sohibi Leonid Fedun qattiq ta'sirlandi: «Qarang, bizda ham «Yangi Messi» bo'y cho'zmoqda. Qoyil, Davidov. Denisni maqtayverib, taltaytirib yubormasak bo'lgani».
Hozir qaerda? 24 yoshli hujumchi «Nijniy Novgorod»da Dmitriy Cherishev boshqaruvida faoliyatini qayta izga solmoqchi. U yaqinda Rossiya birinchi divizionida chiroyli gol ham urdi.
Martin «Norvegiya Messisi» Edegor
Nega Messi? Norvegiyalik o'smir 15 yoshiga qadar naq 4ta eng yuqori ko'rsatkichni yangilashga ulgurdi - mahalliy darajada 3ta va xalqaro miqyosda 1ta rekord. Xalqaro ko'rsatkichini esga olsak, Edegor 15 yosh 300 kunligida Bolgariya termasiga qarshi kechgan uchrashuvda maydonga tushdi - Evropa chempionati saralashi tarixidagi eng yosh ishtirokchi.
Hozir qaerda? Martin haqida anchadan buyon gapirishadi, ammo u hamon juda yosh. Xullas, endi 20 yoshdan hatlagan yarim himoyachi o'tgan yoz ijara kelishuvi asosida «Vitess» safiga qo'shildi va qisqa vaqt ichida Leonid Slutskiy boshqaruvidagi jamoaning chinakam etakchisiga aylandi. «Real»da hozircha norvegiyalikka joy yo'q, shuning uchunmi, «Ayaks» uning to'laqonli sotib olish harakatini boshlab yubordi.
Erkebulan «QozoG'iston Messisi»
Saidaxmet
Nega Messi? Tushunarliki, texnik salohiyati baland deyarli har bir iqtidorni darrov Messi bilan taqqoslashadi. Jumladan, Markaziy Osiyoda ham shunday qarash mavjud. Qisqasi, Saidaxmet «Yangi Messi» maqomini jurnalistlardan oldi.
Hozir qaerda? 19 yoshida «Ufa» asosiy tarkibiga kirolmadi va hozirda Bolgariyaning «Levski»sida ijara muddatini o'tamoqda. Shuning barobarida Qozog'iston milliy jamoasi murabbiylari yigitchani muntazam ravishda yig'inlarga chaqirishmoqda.
Erbol «QirG'iziston Messisi» Atabaev
Nega Messi? 10 yoshli Erbol 2012 yili «Barselona» maktabi ko'rigidan o'tib, 300 nafar iqtidorli bola qatori Ispaniyaga yo'l oldi. Shu voqea munosabati bilan Bishkekda hattoki, maxsus matbuot anjumani o'tkazildi. Hozirda qirg'iz mediasi Atabaevning Kataloniyadagi har bir qadami haqida yozmoqda, go'yo.
Hozir qaerda? «Qirg'iz Messisi» endi 17 yoshga to'ldi va Kataloniya yoshlar ligasi to'rtinchi guruhida ishtirok etuvchi Xosep Mariya Gen sport assotsiatsiyasi jamoasi safida o'ynamoqda. Joriy mavsum klubning ishlari sira yurishmayapti, lekin Atabaev 4ta gol urishga ulgurdi.
Ilzat «Tatariston Messisi» Axmetov
Nega Messi? Aslida Ilzatni boshqa o'lka Messisi sifatida ta'riflash ham mumkin. Chunonchi, u millati bo'yicha - uyg'ur, pasporti bo'yicha — rossiyalik. Axmetov «Rubin» tarixidagi eng yosh debyutant maqomini olgach, Qozonda uni «Tatariston Messisi» sifatida maqtay boshlashdi.
Hozir qaerda? TsSKA (Moskva) etakchilaridan biri, Rossiya milliy jamoasi a'zosi.
Takefusha «Yaponiya Messisi» Kubo
Nega Messi? Yapon vunderkindi 10 yoshida «Barsa» skautlari nazariga tushdi, yakunda u ham Kataloniya grandi tizimida shug'ullana boshladi. Aniqroq aytsak, Takefusha deyarli 5 yil davomida (2015 yilga qadar) klub kanterasida futbol sirlarini o'zlashtirdi. U Kataloniyada tahsilni davom ettirardi, agarda UEFA klub voyaga etmagan futbolchilar transferini qonunga zid tarzda amalga oshirganini fosh etmaganida...
Hozir qaerda? 17 yoshli yigitcha «Yokogama F. Marinos» klubida binoyidek o'ynamoqda, deylik, debyut uchrashuvidayoq o'z tarkibiga sobiq «barsachilar» - Andres Inesta, David Vilya va Serxi Samperni qo'shib olgan «Vissel Kobe» darvozasini nishonga oldi.
Rizo «Eron Messisi» Parastesh
Nega Messi? Bu o'rinda Sardor Azmunni ta'riflash ham mumkin, lekin Parastesh argentinalikka ko'proq o'xshaydi. To'g'ri ma'noda aytsak, u futbolchi emas, balki Leoning egizakidek. Deylik, Rizo shu o'xshashlik tufayli Eron politsiyasiga ham tushgan. Gap shundaki, ko'chada u bilan birga suratga tushishni xohlovchilar tirbandlik hosil qilishgandi.
Hozir qaerda? Rizo JCh-2018 vaqti Rossiyaga tashrif buyurib, Eron va aynan Argentina termalarini stadionlarda bevosita qo'llabuvvatladi. U shuningdek, Rossiya politsiyasi bilan ham to'qnash keldi. Yana o'sha gap - ko'chada Parasteshning atrofida katta olomon yig'ildi, Messi «egizak»i bilan suratga tushish uchun, albatta.
Murtaz «AfG'oniston Messisi» Ahmadi
Nega Messi? Leo 2016 yili afg'onistonlik 5 yoshli bolakayga o'z futbolkasini sovg'a sifatida yubordi. Gap shundaki, ijtimoiy tarmoqlarda Murtaz Ahmadining ajoyib bir surati paydo bo'ldi. Unda bolakayning futbol formasi emas, balki tsellofan xaltani kiyib olgancha to'p ortidan yugurayotgani aks ettirilgandi. «Yasama» futbolka orqasiga esa ruchkada Leoning o'yinchilik raqami va familiyasi yozilgandi. Xullas, Murtazning o'sha holatini er yuzida millionlab kishi ko'rdi, jumladan, Messi ham.
Hozir qaerda? Bolakayning otasi o'tgan yili dekabrda qo'shnilar Murtazga hasad bilan qaray boshlashgani haqida gapirdi. Keyinchalik unga Tolibon guruhi tomonidan tahdid solingani ma'lum qilindi. Messi esa afg'onistonlik muxlisi taqdiriga aslo befarq qaramasligi va uni o'z himoyasiga olishini aytdi...