O'zbeklarni yig'latgan yigitlar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 745
Toshkent derbisini stadiondan kuzatdim. O'yin juda qizg'in ko'rinish olgan, jamoalar maydonning har bir qarichi uchun kurash olib borishardi. Ikkinchi bo'limning o'rtalariga yaqin «Bunyodkor» fan klubi a'zolari kattagina bannerni baland ko'tarishdi. Unda «Paxtakor - 79» abadiy qalbimizdasiz”,- deya yozilgandi. To'g'risi bir lahzaga o'yin ham yodimdan ko'tarilib o'y surib qoldim…
Dadamning aytishlaricha, o'sha mudhish voqea xabari O'zbekistonga kelganida avvaliga hech kim ishonmagan, biroz vaqt o'tgach esa butun o'zbek xalqi uvvos tortib yig'lagan ekan. Shu qatori rahmatli buvim mo''jazgina hovlining o'rtasidagi karavotda o'tirgancha ko'z yosh to'kkanlarini haligacha to'lqinlanib aytib beradilar. Yana aytishlaricha, qo'shni qardoshlarimiz ham huddi nimanidir yo'qotib qo'ygandek uzoq vaqt karaxt ahvolga tushib qolishgan ekan.
1979-yilning 11 avgust sanasida Toshkentda «Zarya» klubini 3 : 1 hisobida dog'da qoldirgan «Paxtakor» Minskning «Dinamo» klubiga qarshi safar uchrashuvini o'tkazish uchun otlangan, xalqimizning 17 ta erkatoy farzandlari «TU-134» rusumdagi samaliyot bortiga chiqqib borishar ekanlar bu ularning so'nggi safari bo'lishi mumkunligi haqida o'ylab ham ko'rmagan bo'lsalar kerak. 11-avgust sanasida Ukraina osmonida 8400 metr balandlikda ikki samolyot to'qnashib ketadi. O'sha kun o'zbek futboli tarixida abadiy qora kun bo'lib qoldi. Ravil Agishev, Mixail An, Olim Ashirov, Sirojiddin Bozorov, Konstantin Bakanov, Yuriy Zagumennix, Shuhrat Eshbo'taev, Aleksandr Korchyonov, Nikolay Kulikov, Vladimir Makarov, Sergey Pokatilov, Vladimir Sobirov, Idgay Taztedinov, Mansur Tolibjonov, Vladimir Fyodorov, Viktor Churkin, Vladimor Churkin… bu futbolchilar 11-avgust sanasdida Belorussiyaga uchib ketayotgan futbolchilarning to'liq ro'yxati edi…
Eng achinarlisi shundaki, baxtsiz hodisa tufayli futbolchilarning tanalari parchalanib ketgan edi. Olamdan o'tgan futbolchilarni O'zbekistonga jo'natish uchun jo'natilgan tobutlarga joylashtirish maqsadida jasadlarni qidish ishlari uzoq davom etadi, ammo besamar yakunlanadi. Shunda uchuvchilar uslubidan foydalanilgan ekan.
Samolyot qulagan erdagi tuproqlar bir joyga yig'ilib, tobutlarga solinib, dafn marosimini o'tkazish uchun O'zbekistonga jo'natiladi.
Samolyot erta-indin O'zbekistonga kelishini eshitgan xalqimiz uyida o'tira olmay qoladi. Qanday qilib shunday paytda uyda o'tirish mumkin?
Samolyot aeraportga tongda qo'nishini bilgan muxlislar o'sha tunni qo'nalg'a oldida o'tkazishadi. O'zbek xalqining sevikli farzandlarini so'nggi yo'lga kuzatish uchun kelgan odamlar ko'chalarga sig'may ketadi.
O'zbeklardan tashqari qo'shni tojik, qozoq, qirg'iz, turkman og'alarimiz bu dardni o'zlarinikidek bilib xalqimizning og'ir kunida elkama-elka turishgani taxsinga sazovor… Samoga sochilgan 17 yulduzning tobutlari O'zbekistonga keltirilganda hamma eng yaqin insonini yo'qotgandek ko'zlaridagi yoshlarni to'xtata olamy qolgan ekan. Futbolchilarning tobutlari xalqimizning mehnatda qoraygan qo'llarida daryoda suzib ketayotgan soldek so'nggi manziliga oshiqardi.
Keyinchalik o'tkazilgan «Dinamo Minsk» va «Paxtakor» o'rtasidagi uchrashuvda xalqimiz jamoasining o'rinbosarlari maydonga tushishadi. O'sha davrlarda Sobiq Ittifoqning eng kuchli klublaridan biri bo'lgan «Dinamo Minsk» o'sha uchrashuvda yirik hisobda engilib beradi. Hammasini tushunub turgan muxlislar uchrashuv yakunlangach, o'rinlaridan tuirb, ko'zda yosh bilan futbolchilarni uzoq vaqt olqishlab turishadi…
Bu voqealar qariyib 40 yil avval bo'lib o'tgan bo'lsada, Otalarimiz xotiralaridan hozirgi kunimizgacha bir lahza ham o'chmasdan etib keldi. Istalgan o'zbekdan ushbu voqea haqida so'rang. U o'ylab o'tirmay javob beradi. Sababi, «Bunyodkor» fan klubining bannerida yozilganidek, ular har bir o'zbekning yuraklarida abadiy qolajak!
Yahyoxo'ja Ulug'xo'jaev