«Bu hazil emasmi» – Diyor Imomxo'jaev
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1070
Murabbiylardan birining futboldan 5 yilga chetlashtirilishi va 50 million jarimaga tortilishi masalasi 1 aprel kuni e'lon qilingani uchun, izohlarda bu hazil emasmi qabilidagi fikrlar ko'p bo'ldi. Yo'q, bu hazil emas. Hazil qilinganida ham kimningdir sha'ni, qadri va qimmati bilan o'ynashib bo'lmaydi.
O'sha murabbiy futboldan chetlashtirilganiga qaramay, bemalol yurgani borasidagi surat ko'plab e'tirozlarga sabab bo'ldi. Biroq O'FA inspektsiyasi kamida 1,5 oydan buyon boshqa masala ustida surishtiruv o'tkazayotgani sabab, bunga katta urg'u berilmadi. Chunki vaziyat deyarli oydinlashib kelayotgandi.
Kim bilan kelishgan, degan savollar ko'p. Surishtiruv bu ishda totalizatorning roli kattaroq ekanini ko'rsatdi. Ya'ni, 2 ta gol farqi bilan mag'lub bo'lish yuzasidan o'z futbolchilariga ko'rsatma berish, futbolchilar buni tasdiqladi. Biroq ikkinchi tomon yoki hakamning bu masaladagi ishtiroki masalasi ochilmadi. Qing'ir ishning qiyig'i 40 yilda ham chiqadi, balki qachondir bunga ham to'la oydinlik kiritish mumkindir. Hozir esa Etika qo'mitasi aybi isbotlanmagan tomonni ochiq ko'rsatish etikaga to'g'ri kelmaydi, deb hisoblagan bo'lsa kerak.
Murabbiy kim bilan kelishgan, qanday kelishgan, bu ishning narxi qancha kabi savollarga javob olish juda qiyin. Buni tegishli organlarsiz aniqlash murakkab. Biroq fakt shuki, O'FA tarixda birinchi bor o'z shogirdlaridan engilib berishni so'ragan murabbiy rasman aniqlandi. Demak, kalavaning uchi bor.