So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
G'alati qiyos va yana umidvorlik...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 167
Ba'zi mavzular yoritilish vaqtini uzoq kutadi. Finlyandiya xokkey terma jamoasi Pekin qishki Olimpiadasida oltin medal yutgach, yaqin tarix voqealari yodimizga tushdi. Avvaldan ogohlantiraylik, jahon xokkeyiga taalluqli bu voqealar va mavzuning futbolimizga aloqador jihatlari etarli.
XX asrning 70-80-yillari jahon xokkeyida kuchli «beshlik» gegemoniyasi kuzatilgandi. Ya'ni AQSh, Kanada, Shvetsiya, sobiq Chexoslovakiya va sobiq ittifoq jamoalari tengsiz edi. Xullas, Finlyandiyada ajoyib xokkey muhiti bo'lsada, mamlakat terma jamoasiga chempionlik bobida «non» tegmasdi. Katta avlod vakillari Rinat Dasaev, Aleksandr Chivadze, Vagiz Xidiyatulin, Fyodor Cherenkov, Ramaz Shengeliya, Oleg Bloxin kabi taniqli futbolchilar qatorida Vladislav Tretyak va Vyacheslav Fetisov - Aleksey Kasatonov - Sergey Makarov - Igor Larionov - Vladimir Krutov beshligini astoydil qo'llab-quvvatlashardi, yaxshi bilashardi. Xokkey bo'yicha JCh va qishki Olimpiada o'yinlari haddan ortiq qizg'in o'tardi. Sportsevarlar tunlari uhlamay, xokkey ko'rashardi. O'sha vaqt translyatsiya qilinmagan evrofutbol bilan bog'liq bo'shliqni aynan xokkey to'ldirardi. Haftalik «Futbol-xokkey» gazetasini orziqib kutardik va har bir satrini shosha-pisha, sabrsizlik bilan o'qirdik. Tomlari loy suvoq, ko'chalari asfaltlanmagan qishloqlarda odamlar yozda futbol, qishning sovuq kunlari va tunlari xokkey mavzusida bahslashardilar borliqni unutib. O'sha vaqt Finlyandiya xokkeyi deyarli tilga olinmasdi. Chunki finlar lider «beshlik» yaqiniga ham tusholmasdilar. Lekin Finlyandiya termasi kamtarin sanalsada, har doim halol o'ynardi, etakchilar vajohatidan aslo cho'chimasdi.
Savol tug'ilishi tabiiy: fin xokkeyi va uning qishki Olimpiada tarixidagi ilk ulkan yutug'i bilan futbolning qanday aloqasi bor? Gap shundaki, biz fin xokkeyidagi izlanish va rivojlanish jarayonini o'zbek futboli taraqqiyot tarixiga o'xshatib yubordik. Finlar qishki Olimpiadada «oltin» olish uchun uzoq yo'l bosishdi, bu shukuhli damlarni sabr-toqat va intizorlik bilan kutishdi. Nihoyat, natijasi keldi! Fin xokkeyining zafarli yurishi olimp tarixiga yozildi. Finalda Rossiya termasi ustun kelish yo'lida katta kuch sarfladi. Jamoa murabbiylari yakuniy hushtak chalinishiga 16 soniya qolgan bir pallada taym-aut olish asnosida vaziyatni o'nglashga intilishdi. Yakunda taqdir chempionlik rutbasini finlarga ravo ko'rdi. Mulohazalarimiz avvalida eslagan kuchli «beshlik» shu tariqa quyida qoldi. Biror marta mag'lubiyatga uchramagan Finlyandiya termasi g'alaba zavqini surdi. Bundan 30 yilcha avval kun kelib finlar oq Olimpiada chempioni bo'lishlari mumkinligi haqida so'z ochilsa, bunga hech kim ishonmasdi. Ammo xokkey charxpalagi bir aylandiyu, birov ishonmaydigan voqea hayotda yuz berdi.
E'tibor berdingizmi, kuchli «beshlik» birikmasini alohida ta'kidladik. Mana, fin xokkeyi o'sha kuchli «beshlik»dan ustun chiqishni uddaladi! Xo'sh, futbol bo'yicha O'zbekiston milliy jamoasi nima sababdan Osiyodagi kuchli «beshlik»ni engolmasligi kerak?! Muxlislar Osiyo futbolidigi kuchli «beshlik»ni juda yaxshi bilishadi - Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Eron va Saudiya Arabistoni termalari. Fin xokkeyi va o'zbek futbolidagi jarayonlarni bejiz bir-biriga solishtirmayapmiz. Qiziq, har ikki voqelik bir tomchi suvdek bir-biriga o'xshaydi va ayni shu jihati bilan bizda yaqin kelajak g'alabalari bilan bog'liq umidlar uyg'otadi. Fin xokkeyi yutug'iga havas qilishimiz va futbolimizning kelajak zafarlarini shunga qiyoslab, umidvor bo'lishimizga Superliga muhitida asoslar etarli. Eng muhim asos - Superliga jamoalarining moddiy jihatdan tobora baquvvatlashib borayotgani. Yangi mavsum arafasida aksariyat klublar xorijda yig'in olib bordi. Avvallari bunga uncha-buncha jamoaning kuchi etmasdi. Demak, vaziyat o'zgardi va Superliga jamoalari moliyaviy muammolar girdobiga tushib qolishdan cho'chimaydigan futbol zamoni eshik qoqmoqda, chog'i. To'g'ri, futbolimiz muhitini yangilashga bir necha bor jiddiy urinishlar bo'ldi. Afsuski, yangilanish ishtiyoqi - harakati har safar turli to'siqlarga uchradi va kutilgan natijani bermadi. O'ylaymizki, bu safargi yangilanish jarayoni to'xtab qolmaydi va muxlislar orzu qilgan darajadagi taraqqiyot bosqichiga ko'tariladi. FIFA taqiqiga uchragan ayrim klublarimiz ham muammolardan qutulayotgani va boshqalardan ortda qolmaslikka intilayotgani kishini quvontiradi. Iste'dodli futbolchilarning poytaxt klublariga kontsentratsiyasi ham asta-sekin barham topib, jarayon boshqa hududlarga ko'chmoqda. Shu tariqa futbolimizdagi notekis taraqqiyot yo'qolib, muxlislar kutgan muvozanat jarayoni bo'y rostlamoqda.
Mayli, stadionlar masalasi va muxlislar manfaati hozircha jiddiy tarzda kun tartibiga qo'yilmayapti. Avvalroq muxlislar ertaga emas, aynan bu mavsum stadionda futbol ko'rib, zavqlanishlari lozimligi to'g'risida o'z munosabatimizni bildirgandik. PFL esa o'zi belgilagan rejalar asosida ish ko'rishda davom etmoqda va umid qilamizki, bu jarayon ham tez orada ijobiy natija ko'rsatadi. Umuman, yangi mavsumda Superliga kuchli raqobat aro qaynashi hozirdanoq ma'lum. Negaki, yuqorida ta'kidlaganimizdek, aksariyat klublar imkoniyat bobida bir-biriga yaqin. Ko'pchilik imkoniyati nisbatan teng klublar o'rtasidagi raqobat natijasida futbol saviyasi ko'tarilishiga ishonmoqda. Biz ham futbolimizda sifat va saviya oshishiga ishonamiz. Biroq bu jarayon faqat kuchli raqobat ta'sirida yuz berishiga ishonish qiyin. Zero, fin xokkeyi faqat ichki muhit raqobatiga asoslangan va suyanganida, qishki Olimpiadada g'olib chiqolmasdi. Demoqchimizki, futbolimizning yangi taraqqiyot bosqichiga ko'tarilishi uchun Superligada shakllanayotgan kuchli raqobatning o'zi etarli emas. Elitada uzoq kutilgan raqobat muhiti halollik va ilmiy yondashuvlarga asoslansagina futbolimiz tom ma'noda taraqqiyotga erishadi. Yashirishning hojati yo'q: muxlislar ishongan eng iste'dodli futbolchilarimiz ham hattoki, Osiyoning kuchli chempionatlari saviyasida to'p surisholmayapti va faoliyatlarini Superligamizda davom ettirishni ma'qul ko'rishmoqda. Futbolimiz faqat Eldor Shomurodov timsolida evroarena kuchi havosini tuymoqda. Tuyish esa o'z o'rnini topish, imkoniyatlarni to'liq namoyon etish ma'nosini anglatmaydi. O'z-o'zini topish, mavjud imkoniyatlarni yuzaga chiqarish uchun futbolimizda ishlar fin xokkeyidagi kabi tashkillanmog'i joiz!
Manba: interfutbol.uz