So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Rustam Akramovning yorqin faoliyatini yodga olamiz
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 81
Rustam Akramov 1948 yil 11 avgustda Toshkent viloyatining Yangibozor shaharchasida tug'ilgan. 1970 yilda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining futbol fakultetini tamomlagan. Shuningdek, Moskvadagi jismoniy tarbiya institutida aspiranturada tahsil olgan. 1975 yilda “Selektsiya usullari va terma jamoalarni tayyorlash bo'yicha tadqiqotlar” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Aspiranturani tugatgach, O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida o'qituvchi bo'lib ishlagan, ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug'ullangan. 1978 yilda O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti kafedra mudiri lavozimiga tayinlangan. Bu lavozimda 1987 yilgacha ishlagan. 1984 yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. 1987-1989 yillarda Jazoir milliy universitetining futbol kafedrasi professori bo'lgan. O'sha yillarda Frantsiyaning “Bordo” futbol klubida murabbiylik mahoratini oshirgan.
Rustam Akramov 1967-1973 yillarda Toshkentning “Politotdel” va “Paxtakor” jamoalari sharafini himoya qilgan. 1974 yilga kelib murabbiylik faoliyatini boshlagan va Moskvaning “TsSKA” klubining yoshlar tarkibiga ustozlik qilgan.
Rustam Akramovich 1990 yillar boshida Jazoirda ishlagan, “USM Alger” klubiga (1990-1991) murabbiylik qilgan va Jazoir terma jamoasi murabbiylar shtabida ishlagan.
O'zbekiston mustaqillikka erishgach, 1992 yili futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi tashkil etildi. Yangi jamoaga Rustam Akramov murabbiy etib tayinlandi. Uning rahbarligida O'zbekiston terma jamoasi Markaziy Osiyo kubogi g'olibiga aylandi.
1994 yilda O'zbekiston terma jamoasi Mustaqillik kubogi xalqaro turnirida g'oliblikni qo'lga kiritdi. Yil yakuniga ko'ra, Yaponiyaning Xirosima shahrida o'tkazilgan yozgi Osiyo o'yinlarida O'zbekiston terma jamoasi finalda Xitoy terma jamoasini mag'lub etib, turnir chempioni bo'ldi.
Shu bilan birga, Rustam Akramov Toshkentning “Paxtakor” klubiga murabbiylik qilgan.
O'zbekiston terma jamoasi Xirosimadagi turnirdagi g'alabasidan so'ng Rustam Akramov davlatimizning “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi va “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan murabbiy” unvoniga sazovor bo'ldi.
1995 yilda Rustam Akramovich Hindiston terma jamoasini boshqarishga taklif qilingan. 1997 yilgacha Hindiston terma jamoasida ishlagan. 1998 yilda OFKning texnik direktori etib tayinlangan. Bundan tashqari, u O'zbekiston futbol federatsiyasida terma jamoalar markazi texnik direktori lavozimida ishlagan.
Shuningdek, Rustam Akramov futbolga oid 30 dan ortiq asar, 100 ga yaqin ilmiy maqola va 6 ta kitob yozgan.
Manba: Telegram.me/FAUzbekistan