So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
«Kichik» jamoada «katta» futbolchi!
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 196
Sir emas, yirik turnirlarning saralash bosqichlarida yo'llanmaga real da'vogarlar qatori shunchaki, tajriba to'plash asnosida o'z sha'nini himoya qilishga intiladigan «mitti» jamoalar ham qatnashadi. Muhimi, hech narsaga da'vo qilmaydigan «kichik» termalar safida ham ba'zan etakchi ligalarda risoladagidek to'p surishga qodir tirishqoq futbolchilar ko'zga tashlanishadi. Mana, Football-Style ijodkorlari (sports.ru sayti) UEFA reytingining oxirgi 15 pog'onasida borayotgan milliy jamoalar tarkibiga nazar solib, «pichoqqa ilinadigan» ijrochilarni alohida tanishtirishni lozim topishdi.
Moldova termasi - Artur Ionitse («Benevento»). Sobiq ittifoq davrida Kishinyov shahrida tug'ilgan Ionitse futbolchilik faoliyatini mahalliy «Zimbru» klubida boshladi. 2007 yili esa «Iskra-Stal» safiga qo'-shildi, ammo yangi jamoasi ham mutlaq gegemon - «Sherif»ga bas kelolmadi. To'g'ri, ribnitsaliklar EL saralash bosqichiga yo'l olishdi, Artur esa 2009 yili Shveytsariyaning «Arau» klubi bilan shartnoma tuzdi. Uning transferi 200 ming evroga baholandi va bu hanuzgacha kamtarin jamoa uchun rekord ko'rsatkich bo'lib qolmoqda. 19 yoshli Ionitse Shveytsariyadagi debyut mavsumida asosan o'rinbosarlar safida to'p surdi. Keyingisida esa asosiy jamoaga o'tib, talab darajasida o'ynay boshladi. Shu tariqa «Arau» mavsum-2013|2014 yakunida elitaga ko'tarildi. Artur ayni muvaffaqiyatdan keyin asosiy tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasida samarali to'p surdi, 2 marta jamoani sardor sifatida maydonga boshlab tushdi, chempionatda 6ta gol urdi. Shuningdek, Moldova terma jamoasi o'yinlarida muntazam ishtirok etdi. Yakunda «Arau» turnir jadvalining oxirgi pog'onalaridan birini band etgan bo'lsada, moldovalik yigit nufuzliroq «Verona»dan taklif oldi. U Romeo va Julettalar shahrida 2 yil to'p surib, o'z hisobiga 6ta gol va 4ta samarali uzatma yozib qo'ydi. Shu tariqa «A» seriyada gol urgan moldovalik dastlabki futbolchi bo'ldi. 2016 yilning yozida «Kalyari» Artur transferiga 4,5 mln. ajratib, uni o'z safiga qo'shib oldi. Keyingi 4 yilni Sardiniya orolida o'tkazgan yarim himoyachi jami 125ta o'yinda maydonga tushdi. 2020 yilning sentyabrida esa «A» seriyaga qaytgan «Benevento» libosini kiydi. Ha, bu jamoa mavsum oxirida elitadan tushib ketdi. Fakt: Ionitse «V» seriya vakiliga aylanganiga qaramay, Moldovaning eng qimmatbaho futbolchisi maqomida qolmoqda (transfer qiymati - 1,8 mln. evro).
Malta termasi - Teddi Tyouma («Yunion Bryussel»). Malta milliy jamoasining evrofutboldagi o'rni ko'pchilikka ma'lum. Teddi shu ojizgina drujinadagi debyutini 2020 yili nishonladi. Bunga qadar esa anchayin olis va mashaqqatli yo'lni bosib o'tdi. Tulonda tug'ilgan futbolchi faoliyatini Yer shahri jamoasida boshlash barobarida otasiga tegishli go'sht do'konida haydovchi-kurer sifatida ham ishladi. Zero, Frantsiya chempionati 4-divizionida ishtirok etadigan «Yer» klubida shart-sharoitlar maqtarli darajada emasdi. Tyouma 4 yil ichida 86ta o'yinda maydonga tushib, 5ta gol urdi, ammo jamoa saviyasi tobora pasayib bordi. «Yer» mavsum-2014|2015ni 14-o'rinda yakunlagach, Teddi shartnomasi muddatini uzaytirmadi va 3-divizion ishtirokchisi «Bulon» tarkibini to'ldirdi. Bunda futbolchi faoliyatida katta o'zgarish kuzatilmadi - avvalgidek markazda to'p surishda davom etdi. Boz ustiga, mamlakat shimolidagi jamoaviy natijalari ham o'rtacha bo'ldi: mavsum-2015|2016da - 8-o'rin, keyingisida - 9-o'rin.
2017 yilga kelib, Teddi ancha nufuzli «Red Star»dan taklif oldi va Parijga ko'chib o'tdi. Muhimi, xavbek yaqin o'tmishning nomdor klubida o'z faoliyatidagi eng omadli mavsumni nishonladi: 5ta gol va 2ta samarali uzatma, yilning ramziy jamoasi a'zoligi. Asosiysi, «qizil yulduz» 2-divizionga ko'tarildi. To'g'ri, yuqori ligadagi raqobat «Red Star»ga og'irlik qildi va jamoa 20-turdan keyin so'nggi pog'onaga tushib qoldi. Shunga qaramay, «Yunion Bryussel» klubi Teddi transferiga qiziqib, uni 350 ming evroga sotib oldi. Mana, Tyouma 4 yildan buyon shu jamoada to'p surmoqda. U avvalgi mavsum kashfiyotiga aylangan «Yunion Bryussel»da sardorlik mas'uliyatini ham o'z zimmasiga oldi. Umuman, 2020|2021 yillar mavsumida «Yunion»ning 2-divizion g'olibiga aylanishiga Tyouma katta hissa qo'shadi: 5ta gol va 7ta samarali uzatma. Asosiysi, sardorlik vazifasini a'lo darajada uddaladi. Aynan shu mavsum futbolchining bobokalonlari Maltada yashashgani ma'lum bo'ldi. Teddi bu xushxabarni mamnuniyat bilan qabul qildi va Malta fuqarosiga aylandi. Keyin sentyabr oyida Farer orollari termasiga qarshi bahsda Malta bosh jamoasi libosida ilk marta maydonga tushdi. Hozirga qadar esa qizil tusli futbolkada 19ta o'yin o'tkazdi. Xullas, Teddi kamtarin terma jamoaning eng qimmat javohiri - uning transfer bahosi 1 mln. evroga teng. Bu borada 2-o'rinda borayotgan Yurgen Degabriele esa 350 ming evroga baholanmoqda.
Lyuksemburg termasi - Leandro Barreyro («Maynts»). Bu yigitcha hikoyamizning eng yosh qahramonidir. Leandro endigina 22 yoshni qarshiladi. U aynan Lyuksemburgda tavallud topgan. Ajdodlari - angolalik. Barreyroning o'zi o'smirlik davridan buyon Lyuksemburg sharafini himoya qilmoqda. Futboldagi faoliyatini esa olis 1910 yili mahalliy chempionatning dastlabki mavsumida g'alaba nashidasini surgan «Rasing Yunion» klubida boshladi. Barreyro 16 yoshga to'lgach, malaka oshirish maqsadida o'z uyidan uncha uzoq bo'lmagan Mayntsga yo'l oldi. Germaniya jamoasining U-16 tarkibini boshqargan murabbiy Bo Svensson navqiron xavbekka oddiy baho bergandi: «Mutasaddilar bilan fikr almashib olgach, Leandroni «Maynts» tarkibiga qo'shishni lozim topdik. Zero, u dastlabki mashg'ulotlar jarayonidayoq maydonda eng yaxshi ijrochi sifatida ko'zga tashlandi va kelajaki chakki emasligiga ishonch hosil qildik». Lyuksemburgdan chiqqan futbolchi shundan buyon «Maynts» tizimida to'p surmoqda. U avvaliga o'smirlar jamoalarida tajriba oshirdi, oxirgi 3 mavsumni esa «karnavalchilar»ning asosiy tarkibida o'tkazmoqda. 2021 yil avvalida «Maynts» boshqaruvini qahramonimizning tanishi Bo Svensson o'z qo'liga oldi. Daniyalik mutaxassis Leandroni asosiy tarkibga sun'iy ravishda tortgani yo'q, albatta. Shunchaki, debyut kutilmaganda yuz berdi. Futbolchi 2018|2019 yillar mavsumida U-19 jamoasida o'ynagandi. Asosiy jamoa yarim himoyachisi Jan-Filipp Gbamenning «Bayer»ga qarshi 21-tur uchrashuvini o'tkazib yuborishi ma'lum bo'lgach, Svensson aynan navqiron xavbekni boshlang'ich tarkibga qo'shdi. Yakun - sharmandali mag'lubiyat (1:5). Muhimi, ushbu muvaffaqiyatsizlik yosh iqtidor ruhiyatini sindirolmadi, aksincha, unga qo'shimcha kuch bag'ishladi. Masalan, keyinchalik uning Bundesliga bahslarida urgan 2ta goli «Maynts»ga o'ta muhim g'alabalarni tortiq etdi.
Leandroning Lyuksemburg milliy jamoasidagi debyuti 2018 yilning 22 mart kuni Malta termasiga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuviga to'g'ri keldi. U shundan buyon terma jamoaning muqim a'zosidir. Barreyro allaqachon xalqaro darajada gollari hisobini ochishga ham ulgurdi - Evro-2020 saralashidan o'rin olgan bahsda Litva terma jamoasi darvozasini nishonga oldi. Hozirgi kunga kelsak, Leandroning transferi 11 mln. evroga baholanmoqda. Diqqat, bu summa Lyuksemburg milliy jamoasidagi barcha futbolchilarning umumiy bahosidan 37 foizidir!
A.ABDUVALIXO'JAEV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz