So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
PFL qanday bo'lishi kerak?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 80
Bizda odatda PFL mazmuni, mohiyati va vazifalari haqida biroz boshqacha tushunchalar mavjud. Nafaqat futbol muxlisi, balki futbol ichida yurgan aksariyat funktsionerlardan so'rasangiz ham, PFL go'yoki klublarning boshlig'i, ularni nazorat qiladigan organ sifatida tasavvurini aytadi.
Tasavvur qiling, o'zaro futbol o'ynab musobaqalashmoqchi bo'lgan bir nechta jamoa bor. Ammo o'yinlarda xolislikni saqlash, barcha uchun teng bo'lgan sharoit taqdim etish, hakamlar, taqvimlar masalasi doim qiyinchilik tug'diradi, jamoalar o'zaro bahslashib, tortishib ketadilar. Ana shunda ular uchinchi shaxsga murojaat qilib – “bizning o'yinlarimizni tashkil qil, hakam belgila, reglament bo'yicha musobaqa o'tishini ta'minla, hamma uchun teng qoidalar ishlab chiq, g'oliblarni mukofotla, aybdorlarni xolis jazola, evaziga biz senga pul to'laymiz” degan taklif bilan chiqishadi. Mana shu uchinchi shaxs – Liga, ya'ni bizning holatimizda O'zPFL hisoblanadi.
Deyarli hamma yoqda Ligalar mana shu tarzda paydo bo'lgan. Uyog'i o'sha Ligalarning muvaffaqiyatli boshqaruviga ham ko'p narsa bog'liq – masalan, APL shu darajaga etganki, o'sha futbol o'yinlarini sotib, homiylar bilan gaplashib, katta pul topadi va klublardan pul olish tugul, beradi ham. Lekin baribir, futbol klublarniki, Liga esa, ularning xizmatchisi hisoblanadi.
Bizning sharoitda, ya'ni barcha sohalarda judayam cho'zilib ketayotgan o'tish davrida PFLning mas'uliyati yanayam kattaroq. Nafaqat hamma qabul qilgan qoidalar asosida ishlashi yoki boshqa sohalar bilan hamohang tarzda faoliyat yuritishi kerak, balki undan qiyinroq, ba'zi yangi qoidalar olib kirishi, islohotlar amalga oshirishi va hatto ba'zi sohalarda revolyutsion harakatlar amalga oshirishi kerakki, umuman boshqa sharoitga o'rganib qolgan klublarni o'z ortidan ergashtirsin, ushbu tashkilotdagi islohotlar butun futbolimizga ko'chsin. Talab shu.
Bu borada tashkilot qay darajada quvvatda ishlayapti, bundan ham yaxshiroq bo'lishi mumkinmidi yoki yo'q, aniq baholash doim qiyin, lekin PFL tomonidan amalga oshirgan bugungi ishni olqishlasak arziydi. Tashkilot o'tgan yil uchun o'z moliyaviy hisobotini jamoatchilikka taqdim qildi, jonli tarzda yuzaga kelgan har qanday savolga javob berishga harakat qildi, ya'ni shaffoflik sari dadil qadam tashladi. Hisobot shunday tayyorlanganki, erinmagan odam, oddiy futbol to'pi nech puldan sotib olganligidan tortib, hakam yoki xodimlarning o'rtacha maoshigacha hisoblab olish mumkin.
Yana bir asosiy nuqta – PFL nafaqat klublardan badal pullari evaziga yashash bilan kifoyalanmoqda, balki mustaqil ravishda o'z homiylarini, translatsiya bo'yicha xaridorlarni qidirib topmoqda. E'tiborli jihati, 2021 yilgi PFL daromadlari tarkibida badal pullaridan ko'ra, homiylardan tushgan pullar salmog'i ko'proq. Va bu homiylar ichida ma'muriy yo'l bilan biriktirilgan davlat korxonalari emas, chet el kompaniyalarini ko'rish ham ijobiy holat.
Xullas, futbolimiz rivoji uchun ancha foydali kun. Odatda ko'p shov-shuv ko'taradigan milliy terma jamoamiz g'alabasi yoki qandaydir futbolchimizning Evropa klubi transferidan ham ko'proq umidli holat.
O'ylaymanki, bunday ishlar davomli bo'ladi. Axir bir tashkilotning qanday ishlayotganini bilish uchun uning qaerda turganiga emas, qaysi tomonga yurayotganiga qarash lozim bo'ladi.
Qahramon Aslanov.