So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Boks: O'zbekistonda boshlanadigan U-22 Osiyo chempionatiga Qozog'iston va Xitoy sportchilari ishtirok etmaydi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 82
Xabaringiz bor, joriy yilning 20-30 yanvar kunlari poytaxtimiz Toshkentda boks bo'yicha 22 yoshgacha bo'lgan sportchilar o'rtasida Osiyo chempionati o'tkaziladi. Tarixda ilk marotaba tashkil etilayotgan ushbu musobaqada qit'amizning 15ga yaqin mamlakatidan 150 nafardan ziyod yosh va umidli bokschilar g'oliblik uchun bahs olib borishi kutilmoqda. Hozirda musobaqa o'tadigan «Universal» sport majmuasida tayyorgarlik ishlari qizg'in davom etayapti.
U-22 Osiyo chempionati rasman 22 yanvar kuni soat 17:00da ochiladi. Ochilish marosimi tantanalaridan so'ng soat 18:00dan dastlabki janglar boshlanadi. Shu kuni soat 11:00da poytaxtimizdagi «Hilton» mehmonxonasida musobaqa oldidan matbuot anjumani ham tashkil etiladi. Unda tashkilotchilar, xususan Osiyo boks federatsiyasi mas'ullari ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ushbu nufuzli musobaqaga O'zbekiston erkaklar terma jamoasini tajribali mutaxassis To'lqin Qilichev boshchiligidagi murabbiylar shtabi tayyorlagan bo'lsa, qizlarimiz Lochin Qo'chqorov va Elshod Rasulov qo'l ostida tayyorgarlik ko'rishdi. Biroq, pandemik vaziyat tufayli terma jamoamizning yakuniy tarkibi haligacha aniq bo'lgani yo'q.
Oldinroq Osiyo chempionatida qit'amizning 20ga yaqin davlatidan 200 nafarga yaqin charm qo'lqop ustalari qatnashishi kutilayotgan edi. Ammo, so'nggi vaqtlarda butun dunyoda pandemik vaziyat yana jiddiy tus olganligi va kasallanish holatlari tobora ortib borayotganligi bois bir qator mamlakatlar ushbu musobaqada qatnasholmasligini ma'lum qildi. Ular qatorida Osiyo boksida etakchilardan sanaladigan Qozog'iston, Tailand, Xitoy, Hindiston, Filippin singari davlatlar o'rin olgan. Biroq, bu holat musobaqa nufuziga aslo ta'sir qilmaydi, zero Toshkentda o'tadigan qit'a chempionatida Yaponiya, Mo'g'uliston, Saudiya Arabistoni, Qatar, Malayziya, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston singari 10dan ortiq davlatlardan yosh va iste'dodli bokschilar g'oliblik uchun ringga tushadi.
Musobaqada erkaklar 13ta vazn toifasida, qizlar esa 12ta vaznda jang qilishadi. Mazkur chempionat qat'iy karantin qoidalari asosida o'tkaziladi va unga bemalol tomoshabinlar ham kirishi mumkin.