So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Osiyo futbolini yaxshi bilgan Katanetsning O'zbekistondagi istiqboli qanday bo'ladi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 140
Ayni dam butun futbol ishqibozlarining e'tibori kuchli beshlik chempionatlarida start olgan qiziqarli uchrashuvlarga qaratilgan bo'lsa ajab emas. Ammo yakuniga etgan haftada o'zbek futboli atrofida ham bir muhim voqelik sodir bo'ldiki, unga to'xtalmay iloj yo'q. Nihoyat, muxlis va ekspertlar talabi ko'rib chiqilib milliy terma jamoamiz bosh murabbiylik postiga xorijlik mutaxassis jalb etildi. O'FA bergan bayonotga ko'ra endi O'zbekiston milliy terma jamoasi sloveniyalik murabbiy Srechko Katenets qo'l ostida faoliyat olib boradi. Manbaga ko'ra hozircha mutaxassis bilan og'zaki kelishuvga erishilgan. Uning termamiz safidagi dastlabki debyuti 5 sentyabr sanasida Shvetsiyaga qarshi o'rtoqlik bahsida amalga oshishi kutilmoqda.
Ushbu voqeadan so'ng barcha muxlislar tomonidan turli xil savollar paydo bo'la boshladi - Katanets o'zi qay darajadagi murabbiy? U rahbariyat talab qilgan vazifalarga qanchalik tayyor? Uning o'yin uslubi milliy futbolimizga mos keladimi, futbolchilarimizni sirtdan bo'lsada qanchalik taniydi? Albatta, ayni dam bu kabi savollarning barchasi o'rinli. Keling, dastlab o'z taxminlarimizni bildirishdan avval Katanetsning umumiy faoliyatiga oid ayrim jihatlarini yodga olamiz.
Qahramonimiz Yugoslaviyada 1963 yil 16 iyul kuni tug'ilgan.
U futbolchilik faoliyatini mahalliy «Lyublyana» klubida boshlab, 1981-1988 yillar oralig'ida «Olimpiya», «Dinamo» va «Partizan» klublarida faoliyat ishlagan. Keyinchalik bir muddat Bundesligaga ham ko'chib o'tgan Srechko 1988 yilda «Shtutgart» safida bir mavsum o'ynaydi. Ushbu klub safida u UEFA Kubogi finaliga chiqqan. Katanets bundan bir yil o'tib Italiyaning «Sampdoriya» klubiga yo'l oldi va bu jamoa safida u Italiya chempioniligini qo'lga kiritdi. Shu bilan birga Kubok egalari kubogi g'olibi ham bo'lganini e'tirof etish joiz. 1991/1992 yilgi mavsumda Katanets «Sampdoriya» bilan birga Evropa Chempionlar kubogiining finaligacha etib bordi, biroq jamoa «Barselona» to'sig'idan o'ta olmadi. Srechkoning faoliyatiga nazar tashlasak u 1983-1990 yillar davomida Yugoslaviya terma jamoasi safida 31ta o'yinda maydonga tushib, 5ta gol urishga muvaffaq bo'lgan.
Katanets murabbiylik faoliyatini 1996 yildan boshlagan. U dastlab Sloveniya U-21 terma jamoasida ishlagan. Keyinroq mamlakat milliy terma jamoasidan taklif tushgan va 2000 yil Sloveniyani o'z tarixida ilk bor Evropa chempionatiga olib chiqqan. Ikki yildan so'ng aynan Katanets qo'l ostida Sloveniya o'z tarixida birinchi marta Jahon chempionatida ham o'ynadi. Biroq JCh Srechko uchun ancha muvaffaqiyatsiz yakunlandi. U mundialning uchala o'yinida ham imkoniyatni boy berdi va natijada iste'foga chiqarildi.
Shundan so'ng murabbiy «Olimpiakos» klubi va Makedoniya milliy terma jamoasida ham ishlagan. 2009 yildan esa Katanetsga Osiyo qit'asidan taklif kelib tushdi. Unga BAA milliy terma jamoasi bosh murabbiyligi ishonib topshirildi. Arablar bilan Qatardagi Osiyo kubogi final bosqichiga chiqqan Katanets 2011 yil kuziga qadar shu erda ishladi. Aynan OK-2011 saralashida Katanets ilk bor O'zbekiston terma jamoasi bilan to'qnash kelgan. Toshkentda Katanets boshchiligidagi BAA esingizda bo'lsa so'nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga zafar quchgandi. Arab diyoridagi safardan so'ng qahramonimiz yana Sloveniya terma jamoasi boshqaruviga qaytdi. Biroq bu safargi natijalar qoniqarli tus olmadi. Sloveniya JCh-2014ga ham, Evro-2016ga ham chiqa olmagach Katanets 2017 yil so'nggida terma jamoani tark etdi. 2018 yilning 4 sentyabr kuni u Iroq terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi va 2021 yil iyul oyiga qadar terma jamoani boshqardi. Iroq ushbu murabbiy qo'l ostida Osiyo Kubogida nimchorak finalga qadar etib borganidan xabaringiz bor.
Yuqoridagi ma'lumotlardan ham bilish mumkinki, Katanets ayni pallada O'zbekiston milliy terma jamoasi darajasiga mos tushadigan murabbiy. Albatta, bu bilan uni eng qimmat va tajribali mutaxassis deyish fikridan yiroqmiz. Biroq u Osiyo mavqeyi nuqtayi nazaridan qaralsa, anchagina o'z o'rniga ega bo'lgan shaxs. “Hamma ko'rpasiga qarab oyoq uzatishi kerak“ degan qabilda bizning ham qurbimiz etgan variant hozircha shu bo'lib turganini unutmaslik kerak. Bu erda albatta, asriy orzularimiz va muxlislarning uzluksiz qo'yayotgan talablaridan kelib chiqib barcha vaziyat murabbiyning o'zigagina bog'liq bo'lmaydi.
Qaysi tipdagi mutaxassis bo'lishidan qat'i nazar avvalo rahbariyat uning ishlariga ortiqcha aralashmasligi talab etiladi. Zero, buni barcha anglab turibdi. Ayni pallada Jahon chempionati kvalifikatsiyasining 3-bosqichiga ham o'ta olmayotgan bir paytimizda mutasaddilar va rahbariyatdan biroz sabrliroq siyosatni kutib qolgan bo'lardik. Jahon chempionati yoki Osiyo kubogi bahslari har yili o'tkaziladigan musobaqalar emas. Bu yo'lda to'kilayotgan har bir ter, qilinayotgan jamiki mashqqatlar salmog'ini tasavvur etish mushkul. Bu erda hech kimga oson bo'lmasligi aniq. Shunday ekan bir insonga ishonch bildirildimi, endi arqonni uzun tashlab ko'rish ham kerak. Uning imkoniyatlariga chuqur yondashib fikrlar almashinilishi lozim. Bildirilayotgan ishonch esa qisqa muddatli bo'lmasligi shart. Xo'sh, u inson o'z futboli bilan nima demoqchi va nimani isbotlay oladi? Qarichlari qaergacha borishi mumkin, potentsialini namoyish etishga qulay muhit yaratib berildimi? Bularning barchasi aytilishidan oddiy, lekin amalda o'ta jiddiy bo'lgan savol va xulosalar. Biroq Kuper davrida bu kabi holatlarga zid printsip yuritilgani ham barchaga sir emas. Ko'p hollarda uning uslubi keskin qoralangan vaziyatlar ham bo'ldi. Aslida u butun o'yin sxemamizni bir boshidan isloh qilmoqchi edi. Tabiiyki, dastlabki ish himoya chizig'idan boshlangan. Biroq oxirigacha etmay qolgan missiyada argentinalik mutaxassis eski uslub tarafdori ekanlikda tanqid qilindi. Shu o'rinda savol yuzaga keladi, bizning uslub aslida hujumkorlik tarafdorimi? - katta ehtimol shunday hamdir. Biroq buning samarasini barcha to'liq shohidi bo'ldi, ortiqcha izohga hojat yo'q. Abramovning bir ikkita o'rtamiyona jamoalar bilan bahslarda ko'rsatgan hujumkor o'yini bilan qo'lga kiritilgan natijalarimiz deyarli ahamiyatsiz. Hujumkor futbol aslida hujumkor jamoalar bilan uchrashuvlarda sinovdan o'tadi. Tepadan qaralganda juda oddiydek ko'ringan ikkinchi saralashga qaytsak, u erda bizga duch kelgan yagona jiddiy raqib Saudiya bilan o'yinda bosh murabbiyning tanlagan va sodiq qolgan uslubi rosmana elakdan o'tdi. Hatto Abramovning o'zi ham qaysidir ma'noda kerakli futbolchilar rotatsiyasi orqali baribir o'sha himoyamizga e'tiborni oshirdi. Natijada biz xush ko'rgan hujumkor futbol maydonda shunchaki yo'q bo'lib ketdi desak yangilishmaymiz.
Biz bu erda Katanetsning ushbu kamchiliklardan yiroq inson demoqchi emasmiz. Biroq u o'zbek futboli bilan ancha tanish bo'lgan shaxs. Biz bilan bo'lgan barcha uchrashuvlarda g'alaba qozongan. Hatto biz uchun noqulay hisoblangan Eronni ham JCh saralashida mag'lub etganini barcha ko'rdi. Buning ustiga turli mutaxassislar tomonidan ham uning uslubida o'ziga xos qat'iyat va jur'at borligi aytilmoqda. Bu albatta, hal qiluvchi bellashuvlarda biz uchun muhim faktor hisoblanadi. Iroq terma jamoasi safidan ketganining sababi ham katta ehtimol shunga bog'liq. Katanets o'ziga yaratib beriladigan qulay sharoit ichida yayrab ishlaydigan murabbiylar sirasidan. Uning va butun terma jamoaning hozircha eng yaqin bekati bir yarim yildan so'ng start oladigan Osiyo chempionati musobaqasi bo'lib turibdi. Biz esa yaqinlashib kelayotgan o'rtoqlik va saralash bahslarida u va uning bo'lajak shtabiga omad va zafarlar tilab qolamiz.
Yusufbek Saydaliev tayyorladi.