So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Og'ir atletikachilar o'smirlar o'rtasidagi JChda ishtirok etish uchun AQShga etib borishdi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3528
8-15 mart kunlari AQShning Las-Vegas shahrida og'ir atletika bo'yicha o'smirlar o'rtasida navbatdagi jahon chempionati bo'lib o'tadi. E'tiborlisi, unda terma jamoamiz vakillari ham yurtimiz sharafini himoya qiladilar.
O'zbekiston og'ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o'rinbosari Shahrullo Mahmudov boshchiligidagi delegatsiyamizning bir qismi, aniqrog'i qizlar terma jamoamiz kecha okean ortiga etib borishdi va mashg'ulotlarni bevosita AQShda davom ettirishmoqda.
Tarkibda o'tgan yili Argentinada bo'lib o'tgan o'smirlar Olimpiadasida oltin medalni qo'lga kiritgan, o'zbek sporti tarixida qizlar o'rtasidagi birinchi jahon chempioni Kumushxon Fayzullaeva kabi iste'dodli vakillarimizni ko'rish mumkin. Ushbu musobaqada ishtirok etish uchun terma jamoamiz murabbiylari quyidagi sportchilarni tanlab olishdi:
-55 kg: Og'abek Nafasov;
-67 kg: Hojiakbar Olimov va Asadbek Narimonov;
-73 kg: Og'abek To'xtaev;
-96 kg: Mirhosil Mirzaboev;
-45 kg: Nigora Abdullaeva;
-59 kg: Nigora Suvonova;
-64 kg: Kumushxon Fayzullaeva;
-76 kg: Tursunoy Jabborova.
Musobaqada 100 ga yaqin mamlakat vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Qizlarimiz Las-Vegasda tayyorgarlikning so'nggi bosqichini olib borayotgan bo'lishsa, o'smirlarimiz AQShga 7 mart kuni etib borishadi. So'nggi yillarda og'ir atletika bo'yicha terma jamoamiz a'zolari birorta nufuzli xalqaro musobaqadan medalsiz qaytishmayapti.
Umid qilamizki, bu gal ham ushbu chiroyli an'ana davom etadi. Terma jamoamiz vakillarining dastlabki chiqishi 9 mart sanasiga belgilangan. Jahon chempionati 15 mart kuniga qadar davom etadi. Milliy olimpiya qo'mitasi mazkur nufuzli musobaqada o'zbekistonlik yosh atletlarga omad va zafarlar tilab qoladi.