So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Evropa chempionatidan keyin terma jamoa bilan xayrlashadigan yulduzlar
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 224
Koronavirus pandemiyasi sabab bir yilda kechiktirilgan futbol bo'yicha Evro—2020 boshlanishiga 7 kun vaqt qoldi. Jamoalar musobaqaga tayyorgarlik ko'rmoqda, o'rtoqlik o'yinlari o'tkazilyapti. So'nggi 10 yillikda maydonda ko'rishga o'rganib qolganimiz — bir nechta yulduz futbolchilar uchun ushbu yirik turnir terma jamoa safidagi eng so'nggisiga aylanishi mumkin.
Jorjio Kellini, Italiya, 36 yosh
Kellini 2004 yilda «skuadra adzura»da o'z debyutini o'tkazgan edi. Biroq unga 2006 yilgi mundial oltin medali nasib etmagan. O'sha vaqtlarda u yosh futbolchi edi. Keyingi musobaqalarda esa u asosiy tarkib futbolchisi bo'lgan. Kellini 2018 yilgi mundialdan xuddi Italiya terma jamoasi kabi chetda qolgandi.
Endi esa u Italiya terma jamoasi bilan Evro—2020 ga jiddiy tayyorgarlik ko'ryapti. Asosiy maqsadi musobaqa oltin medallarini qo'lga kiritish. Bu Jorjio uchun katta ehtimol bilan mamlakat bosh jamoasidagi oxirgi katta musobaqasi bo'ladi. 36 yoshni qoralab qolgan futbolchi bir yil avval Evro musobaqasidan so'ng terma jamoadagi faoliyatini yakunlashini o'zi ham ta'kidlagandi.
Toni Kross, Germaniya, 31 yosh
Kross 2010 yilda terma jamoadan chaqiruv olgan. Dastlabki musobaqasidayoq (JCh—2010) bronza medalni qo'lga kiritgan, biroq JARda bo'lib o'tgan mundialda Toni asosiy tarkib futbolchisi bo'lmagan. Oradan 4 yil o'tgach, Braziliyadagi Jahon Chempionatida 8 ta o'yinning barchasida maydonga tushdi va chempionga aylandi. Undan tashqari Evro—2012 va Evro—2016 musobaqalarining yarim finaliga qadar etib borgan.
Toni terma jamoadagi faoliyatini yakunlash borasida yakuniy qarorga kelmagan. Lekin shunga ishora qildi: «Musobaqadan so'ng ketish haqida jiddiy o'ylab ko'rish uchun yaxshi vaziyat yuzaga keladi».
Manuel Noyer, Germaniya, 35 yosh
Noyer Krossdan bir yil avval terma jamoada debyutini nishonlagan. Shuning uchun ularning terma jamoadagi sovrinlari bir xil.
Noyer 2019 yilda, koronavirus hali Xitoydan tashqariga chiqmagan vaqtda, terma jamoadagi faoliyati yakunlanib borayotganini aytgandi. Evro—2020 ga esa Germaniya terma jamoasi sardori sifatida boradi. Musobaqadan so'ng esa Manuel o'rnini yoshlarga bo'shatishi mumkin.
Romelu Lukaku, Belgiya, 28 yosh
Rossiya maydonlarida bo'lib o'tgan mundialda bronza medalni qo'lga kiritganidan keyin: «Evro—2020 dan so'ng tugatsam kerak», – degan edi Lukaku . O'shanda Romelu 25 yoshda edi.
Hozir esa u 28 yoshni qoraladi. «Inter» safida A Seriyani zabt etgan hujumchi hanuz o'sha aytgan gaplarini rad etgani yo'q. Futbolchining hozirgi formasidan kelib chiqib («Inter» safida 2020/21 yilgi mavsumda 30 ta gol urdi) aytadigan bo'lsak, 2022 yil Qatarda bo'lib o'tadigan mundialda uni ko'rmaslik g'alati bo'ladi.
Olive Jiru, Frantsiya, 34 yosh
2018 yilgi mundialdan so'ng faoliyati yakunlanayotganini e'lon qilgan futbolchilardan yana biri. Kelayotgan sentyabr oyida 35 yoshga kiradigan Jiru faoliyati davomida Jahon Chempionati, Chempionlar Ligasi, Evropa Ligasini qo'lga kiritgan. Faqatgina Evro kubogi uning kollektsiyasiga etishmayapti.
Evro—2020 da Frantsiya terma jamoasi qanday natija qayd etishidan qat'i nazar Olive endi qarorini o'zgartirmaydi.
Luka Modrich, Xorvatiya, 35 yosh
«Real» afsonasi Luka Modrich klub miqyosida barcha sovrinlarni qo'lga kiritdi. Terma jamoa safida esa 2018 yilgi mundial finaliga qadar etib bordi va kumush medalga ega chiqdi.
Modrich 2020 yilda Xorvatiya terma jamoasini tark etmoqchi edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sabab Evro—2020 musobaqasining vaqti o'zgardi. Luka musobaqa yakunlanayotgan pallada 36 yoshni qarshi oladi. Katta ehtimol bilan ketish qarorini o'zgartirmasa kerak.
Manba: Daryo.uz