So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Dide Siks: «JCh – gvineyaliklarning asl orzulari»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 179
Gvineya futbolida O'zbekistonnikiga o'xshash tomonlari bor. Deylik, gvineyaliklar hozirga qadar U-20 (2 marta) va U-17 (4 marta) toifasidagi kichik mundiallarda naq 6 marta ishtirok etishgan, ammo mamlakat milliy jamoasi uchun JCh final bosqichi hamon armon bo'lib qolmoqda. Dide Siks boshqaruvidagi Syli Nationale Qatar-2022 saralashida Marokash, Sudan va Gvineya-Bisau termalari joy olgan guruhda o'ynaydi. Frantsiyalik mutaxassisning FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida baralla aytishicha, gvineyaliklar bu safar mamlakat futboli tarixida yangi sahifa ochishga qodirlar.
- Janob Siks, avvalo, Gvineya milliy jamoasiga qisqacha tavsif bersangiz...
- Aslida bu erda menga qadar ishlaganlarni tanqid qilishim o'rinli emas, lekin Konakriga kelganimdayoq ularning muammolarga duch kelishgani shundoq sezilib turgandi. Umuman, Gvineya milliy termasi sportga daxlsiz masalalar ortidan qiynalgan. Demoqchimanki, Gvineyada futbol saviyasi chakki emasdi, faqat tartibni yo'lga qo'yish talab etilardi. O'ylaymanki, 2019 yildan buyon bu borada ma'lum ishlarni amalga oshirdik.
- Gvineya yoshlar va o'smirlar termalari jahon miqyosida sezilarli natijalarga erishgan, ammo milliy jamoa haligacha JCh final bosqichiga chiqolmadi. Sizningcha, bu nima bilan bog'liq?
- Futbol uchun oddiy holat... Jahonda hali JCh yuzini ko'rmagan kuchli jamoalar etarlicha topiladi. Mundial saralashi - jiddiy sinov. Ayniqsa, Afrikada. Misol uchun, 5ta yo'llanma uchun AFKga a'zo 54ta jamoaning barchasi da'vogar hisoblanadi.
- Xo'sh, gvineyaliklarni nihoyat, JCh final raundiga boshlay olasizmi?
- Bu butun Gvineyaning asl orzusidir. Mamlakat futbol federatsiyasi bilan tuzilgan shartnomamda Qatar-2022ga chiqish xususida band yo'q, shunga qaramay, bosh maqsad aniq - gvineyaliklarni jahon miqyosiga olib chiqish.
- Jamoangiz saralash guruhida Marokash, Sudan va Gvineya-Bisau termalariga qarshi o'ynaydi...
- Qog'ozga qarasak, Marokash va Gvineya termalari favorit, ammo bu hech nimani anglatmaydi. Sudan va Bisau termalari ham oxirgi yillarda ancha rivojlandi. Deylik, Gvineya-Bisau termasi bilan o'yinlar derbi maqomida va ularning oson kechmasligi aniq. Ixtiyorimda Nabi Keyta, Amadu Diavara va Medi Kamara kabi evrofutbol havosidan bahra olayotgan yigitlar bor. Shunday ekan, ishonch etarli, tarixni yangilashga umid katta.
- Nabi Keyta «Liverpul»da ko'p o'ynayotgani yo'q, lekin hamon gvineyalik eng yaxshi futbolchi bo'lib turibdi. Jamongiz o'yini unga nechog'li bog'liq?
- Butun boshli jamoani muayyan futbolchi atrofida shakllantirish yaramaydi. To'g'ri, Nabi Keyta sehrli oyoqlarga ega va o'ylaymanki, sardor sifatida etakchilik rolini qoyillatadi. Bunday ijrochi - murabbiyning baxti.
- Ayni payt Konakrida yashab, mahalliy futbolni muntazam kuzatib boryapsiz. Gvineyaliklarning xuddi Jazoir, Gana, Kot-d~Ivuar va Marokash vakillari kabi evrofutbolga keng talpinishlariga nima etishmayapti, sizningcha?
- Mahalliy yigitlar texnik tomondan juda kuchli, ammo ularning nazarga tushishlari uchun milliy jamoa yaxshi natijalarga erishishi kerak. Ha, mamlakatda saviyali klublar bor, ammo o'yinchilarning evrofutbol nazariga tushish-tushmasliklari asosan milliy jamoa natijasiga bog'liq, baribir.
- Sizningcha, Afrikaning qaysidir jamoasi Qatar-2022 mundialining yakuniy bosqichlariga chiqishi mumkinmi?
- Nega chiqolmasligi kerak? Afrika futboli katta potentsialga ega, qolaversa, oxirgi yillarda mentalitet sezilarli darajada o'zgardi. Unutmaslik kerak, hozir Evropaning kuchli ligalarida afrikalik futbolchilarning katta guruhi bor. Deylik, Jazoir va Marokash termalari tarkibi chakki emas, yana Misr, Gana, Kot-d~Ivuar jamoalari ham ko'p ishlarga qodir.
A.ABDUVALIXO'JAEV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz