So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Futbol va moliya: APLdagi g'ayrioddiy tizim
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 136
Britaniyalik teleboshlovchi Kiran Maguayr «Tvitter»dagi sahifasi orqali «Norvich» va «Uotford»ning elitaga qaytishi APL klublariga qo'shimcha daromadga ega bo'lish imkonini yaratishi haqida gapirdi. Jamoalar 83 million funtni o'zaro bo'lishib olishadi. Bu mablag' mavsum davomida egallangan o'rindan qat'iy nazar qo'lga kiritiladigan mukofot pullariga qo'shimcha tarzda beriladi. Gol.ru ushbu mavzuga atroflicha to'xtaldi.
Kiran bergan ma'lumotda «parashyut» summalar haqida gap boradi.
** Avvaliga bu to'lovlar APLni tark etgan klublarni qo'llab-quvvatlash maqsadida ta'sis etilgandi. APL va Chempionshipdagi teletranslyatsiyalardan tushadigan daromad miqdori keskin farqlanadi, jamoalardagi maoshlar esa jiddiyligicha qoladi. Shu bois, liga pullarning ma'lum qismini elitani tark etgan klublarga ham ajratadi. Mazkur tizimga mavsum-2006|2007da asos solingan.
** «Parashyut» to'lovlar mavsum-2015|2016gacha to'rt yil mobaynida har bir «haydalgan» klubga to'lab borildi. Keyinchalik esa to'lovlar uch yilga mo'ljallanib, muntazam pasayib borishi belgilandi.
** Muayyan klub APLni tark etganidan keyingi dastlabki mavsumda telehuquqlardan 55 foiz, ikkinchisida - 45 foiz, uchinchisida - 20 foiz oladi. Pul ko'rinishida bu mos ravishda taxminan 42, 34 va 15 millionni tashkil etadi (2018 yilgi ko'rsatkichlar).
** Yana bir qoida bor. APLdagi ishtiroki faqat bir mavsum davom etgan klub uchinchi to'lovni olmaydi.
** «Norvich», «Uotford» va «Bornmut» mavsum-2019|2020da APLni tark etishgandi. Agar klub darhol elitaga qaytishni uddalasa, keyinchalik «parashyut» to'lovlarga ega bo'lmaydi. Shu bois, «Norvich» va «Uotford» Chempionshipning qolgan ikki mavsumida olishi kerak bo'lgan summa shunchaki APL klublari o'rtasida taqsimlanadi (darvoqe, «Norvich» va «Uotford» endi elita vakili sifatida o'z ulushlariga ega bo'lishadi).
** Nega aynan 83 mln.? «Norvich» va «Uotford» ikkinchi mavsum uchun 34 mln.dan olishlari kerak edi. 15 mln. esa «Uotford»ning uchinchi mavsumiga atalgandi. «Norvich»ga uchinchi mavsum uchun to'lov tayinlanmagan, zero jamoa mavsum-2018|2019da APLga yo'l olib, bir yildan so'ng Chempionshipga qaytgandi. Bu erda hammasi tushunarli: 34+34+15q83.
Umuman, raqamlar boshqacha ko'rinish olishi ham mumkin (masalan, 35 mln. tarzida, bunda 35+35+15q85 bo'ladi), lekin yuqoridagi yig'indi 2018 yili chop etilgan Journal of Global Sport Management tahlillarining ettinchi sahifasidagi ma'lumotlarga asosan ko'rsatilgan. U erda «parashyut» to'lovlarning barcha pul mexanizmi qayd etilgan. Uning yordamida Kiran Maguayr nega aynan 83 raqamini ishlatganini bilib olish qiyin emas.
** Yana bir holatda APL mavsum-2019|2020da elitani tark etganlarga «parashyut» to'lovlarni amalga oshirmasligi ham mumkin. Buning uchun «Bornmut»ning ham elitaga qaytishi talab etiladi. Mazkur jamoa APL yo'llanmasi uchun Chempionship «pley-off»ida «Brentford», «Suonsi» va «Barnsli» bilan kurash olib boradi (yarim final juftliklari keyinroq ma'lum bo'ladi).
** Angliyada «parashyut» to'lovlar anchadan buyon tanqid qilib kelinmoqda. Asosiy e'tiroz - bir xil klublarga pul berilayotgani: bu to'lovlarsiz ular o'z daromadlariga tayanishlari, xarajatlarni kamaytirishlari, yo'q erdan keladigan yirik summaga umid bog'lamasliklari mumkin bo'lardi.
Misol sifatida «Norvich» keltiriladi. Ushbu jamoa bosib o'tgan yo'lga e'tibor qarating:
* APL-2013|2014da quyiga «sho'ng'ib», keyingi yiliyoq elitaga qaytdi.
* Mavsum-2015|2016da yana Chempionshipga tushib, u erda uch yil qatnashdi (aynan to'lovlar amalga oshiriladigan davrda), keyin esa APL yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
* Mavsum-2019|2020da yana Premer-ligani tark etdi, bir yil o'tib, qaytdi.
Daily Mail ma'lumotiga ko'ra, Chempionship va daraja jihatidan pastroq sanalgan yana ikkita divizionni nazorat qiluvchi Angliya futbol ligasi APLga murojaat etib, «Norvich» va «Uotford»ning elitaga qaytishi munosabati bilan bo'shaydigan 70 millionni (aftidan, 35+35 ko'rinishida hisoblashgan) berishni so'raydi - bu tashabbus ligadagi moliyalashtirish hajmini kengaytirish maqsadida amalga oshiriladi. Avvalroq APL quyi divizionlarga grant va kredit ajratgandi.
J.BOBOXONOV tayyorladi
Manba: interfutbol.uz