So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Frantsiyada inqilob qilayotgan turklar: Yusuf Yaziji
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 146
Frantsiya chempionati yakunlanshiga 2 tur qoldi. 36-turdan keyin “Lill” so'nggi yillar chempioni bo'lgan PSJni 3 ochkoga ortda qoldiryapti. Bu yarim chempionlik degani. Oxirgi ikki bahs o'rtamiyonalarga qarshi ekanini hisobga olsak, Frantsiyada chempion o'zgaradiganga o'xshab turibdi. Bo'lajak (ehtimoliy) chempionlar safida uch nafar turkiyalik futbolchi bor – Mehmet Zeki Chelik, Yufus Yaziji va Burak Yilmaz. Men ularning har uchchalasiga qisqacha to'xtalib o'tishni maqsad qildim. Navbat Yusuf Yazijiga.
Ko'pchilik u haqda 2020 yilning noyabr oyida, “Lill” Evropa ligasi doirasida “Milan”ni 0:3 hisobida mag'lub etganida eshitishgan bo'lsa ne ajab. Yaziji o'sha kuni xet-trik bilan mezbonlarning 24 o'yindan iborat mag'lubiyatsiz seriyasiga chek qo'yibgina qolmay, so'nggi 20 yil ichida San-Siroda “Milan” darvozasiga 3 ta gol urgan ilk futbolchiga aylandi. Oxirgi marotaba bunday ishni hali “Barselona” safida o'ynar ekan, Rivaldo amalga oshirgandi (2000 yil) .
2019 yil. 21 dekabr. “Monako”ga qarshi o'yin chog'i Yazijida muammo yuzaga keldi. Jiddiy muammo — xochsimon payning shakastlanishi. O'sha vaqt klub rahbarlarining holini tasavvur qilish qiyin emasdi. Jamoa tarixidagi eng qimmat futbolchi tarkibga kelib qo'shilganiga 4 oy o'tmay uzoq muddatga safdan chiqayotgandi.
O'tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so'ng Yusuf Turkiyaga qaytdi. O'zi tug'ilib o'sgan Trabzonda uni buvisi parvarish qila boshladi. “Meni oila shifokori kelib ko'rdi va karam, makkajo'xori uni va ilik sho'rva bilan muolaja qilishga buyurdi”, — deb eslaydi o'sha davrni futbolchining o'zi.
Trabzon — uning uchun o'ta qadrli maskan. 1997 yilda tug'ilgan qahramonimiz 2015 yil mahalliy “Trabzonspor” klubi tarkibida debyut qildi. Klubdagi bosh murabbiy o'zgargan davr Yusuf uchun juda qulay kelib, kelasi mavsumning o'zida asosiy tarkib futbolchisiga aylandi – 10 ta gol va 6 ta hammualliflik. Shunday bo'ldi-ki, hatto “Trabzonspor” o'yinlari chog'i tribunada Joze Morino topshirig'i bilan MYu skautlari o'tirar edi. Biroq ertak voqealari bunchalik tez rivojlanmadi. Yusuf Turkiyada yana bir mavsum qolib 21 yoshida jamoa sardoriga aylandi. Keyin esa unga kelib tushayotganlari orasida “Lill”ning taklifi yutib chiqdi – 17,5 mln. evro! Bu ikki klub uchun ham rekord edi.
Frantsiyadagi dastlabki 4 oy haqida yuqorida yozdik – jarohat. Keyinchalik boshlanib ketgan koronavirus pandemiyasi bois Frantsiya chempionati erta to'xtatildi. Bu orada esa Yusuf sog'ayib safga qaytishi uchun qulay sharoit yaratildi. U amalda bor-yo'g'i 2,5 oyni maydondan tashqarida o'tkazdi. Keyingi mavsumni esa barcha jamoadoshlari bilan birdek boshladi.
Mana, bu uning va jamodoshlarining mavsumi bo'lyapti. Yusuf Yaziji maydonda kurashlardan cho'chimaydi, hujumkor xavbek “Lill”da markazda dirijyorlik ham qiladi. Yaxshi yo'lga qo'yilgan texnika, yuqori jismoniy ko'rsatkich, ikkinchi qavatda birinchi bo'la olish qobiliyati, vaziyatni to'g'ri baholay olishi uning ijobiy sifatlaridir. Salbiylari ham yo'q emas, albatta. Masalan, ba'zida nazoratdan chiqib ketadigan qiziqqonlik. U ko'p sariq kartochka oladi.
Agar bu mavsum “Lill” chempion bo'lsa Yusuf Yaziji top-5 tarkibidagi boshqa nomdor klub safiga o'tishi mumkin. Ko'ramiz va kuzatamiz!
Orif Tolipov.