So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Xayrulla Hamidov maqolasi: Bir qarich ildamroq...
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 151
Bugun 20 mart. Dunyo suygan ajoyib hujumchilardan biri Fernando Torresning tavallud kuni. U 37ga kirdi.
Odam ishongisi kelmaydi, "El Nino" shu yoshga kirib qo'yganiga. Axir, yaqinda emasmidi Torres o'zi sevgan “Atletiko” libosida la ligani yondirgan bahslar, “Liverpul” va “Chelsi” libosida APLni gullatgan damlar, yana Madridga qaytib umrbod ardoqlagan muxlislari bag'rida “ikkinchi yoshligi”ni boshdan kechirgan onlari?! Yaqinda edi. Biroq, umr o'tib boryapti, azizlar!
Torres eng omadli va eng sovrindor hujumchi, desak mubolag'a ishlatmagan bo'lamiz. Uning baxti Ispaniyada tug'ilgani, tug'ilganida ham Raul davrida emas, “qizil furiya” uyg'ongan davrda tug'ilgani, faoliyatini har qanday yosh hujumchiga imkoniyat beradigan Madridning “Atletiko” jamoasida boshlagani, Angliyaga borib ham istalgan uslubga mos tushib ketavergani... bunaqa omadni topib ko'ringchi!
Nazdimda, Torresning yulduzli oni baribir Evro-2008 finali. Ispaniya osmonida porlab chiqqan yigit shu kecha birgina harakati bilan tarixga kirgan, birgina harakat... Uning Germaniya posbonidan bir qarich ilgariroq to'pga etib borishi natijasida, Ispaniya ko'hna qit'a chempioniga aylana oldi. Tamom – shundan keyin “qizil furiya”ni to'xtatib qolishning imkoni bo'lmadi. Bir qarich ildamroq harakat qilishi natijasida tug'ilgan maskanida yangi tarix yozdi.
Ikki yildan so'ng jahonni zabt etgan o'g'lonlar navbatdagi Evropa kubogini ham boshlari uzra ko'tardilar. To'g'ri, JARdagi mundialda qahramonimiz jarohati tufayli u qadar yuksak o'yin ko'rsata olmagan bo'lishi mumkin, lekin Ukrainadagi Evro turnirida so'nggi o'yinda gol urib, tarix sahifalariga “qatorasiga ikki finalda gol urgan o'yinchi” sifatida joylandi.
Torres zamonaviy Ispaniya futbolida yangi hujum asrini ochib bergan, desak mubolag'a ishlatmagan bo'lamiz. Raul paytida Raulga o'xshab nozik harakat qiladigan avlod o'tmish qa'riga singib ketgach, buyog'iga ispanlar aynan shu yigit timsolida tezkor hujum uslubiga ega bo'lishdi. Bu esa qator musobaqalarda naf berganini ko'rdik.
El Nino bugungi kunda futbolchilik faoliyatini yakunlagan. Murabbiy bo'lishiga tilakdosh emasdim, lekin u yaqinda "Atletiko"ning o'rinbosarlariga ustozlik qilyapti. Nachora, Fernandoni raketa misol uchib ketayotgan hujumchi timsolida eslab qolgim kelgandi. Hujumchilardan kamdan kam sifatli murabbiylar chiqishini e'tiborga olsak, ajoyib reputatsiyasini buzib ham qo'yishi mumkin. Balki Simeone o'ziga yaxshi voris tayyorlayotgandir.
Axir, uni Madridda, Liverpulda va Londonda birdek yaxshi ko'rishadi. Bu qadar jamlangan muhabbat boshqa hujumchiga nasib etmagan. U baribir o'zini ulg'aytirgan klubni tanladi. Buning nomini sadoqat deydilar.
Xayrulla HAMIDOV.