So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Mirjalol Qosimov: «Bu yili chempionat qizg'in kechadi»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 158
Superliganing 1-turi doirasida bo'lib o'tgan AGMK - "Lokomotiv" uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
«Chempionat doimgidek hayajonli o'yin bilan boshlandi. Mavsumga yaxshi darajada hozirlangandik. Albatta startni g'alaba bilan boshlash yoqimli. Urilgan goldan keyin tashabbusni raqibga berib qo'ydik. "Lokomotiv"da malakali futbolchilar bor va ular tashabbusni qo'lga olishgach uchrashuvda hisobni tenglashtirishdi. Biz bo'lim yakunida to'p nazoratini yo'qotdik. Tanaffusdan keyin vaziyatni o'ngladik. Ikkinchi taymda jamoamiz "Lokomotiv"ga qaraganda va birinchi taymga nisbatan yaxshi harakat qildi va o'ylashimcha, haqli g'alabaga erishdik.
Doim aytaman, biz shashka emas, balki futbol o'ynaymiz. Statistika bo'yicha ham futbol eng ko'p jarohatli sport turi. Futbolda o'yin davomida yoki mashg'ulotlarda ham jarohat olish mumkin. Birinchi o'yinning ilk taymidayoq ikkita jarohat va majburiy o'zgarishlarni amalga oshirdik. O'sha paytda meni jamoaning jismoniy holati tashvishga soldi. Negaki, mavsum startida hali jismonan jamoa to'liq tayyor holatda emas va ular ikkinchi bo'limni deyarli o'zgarishsiz o'ynashlariga to'g'ri keldi. O'yinlar orqali jamoa jismoniy holatini yaxshilab boradi. Lekin bizda bir-birini o'rnini to'ldiradigan futbolchilar bor. Rahmonov oyog'idan jarohat oldi. Meni ko'proq Botiralining jarohati tashvishga soldi. Chunki Ergashev Qodirqulov bilan to'qnashib, bosh miyasi chayqalib ketdi va ma'lum muddat xushini yo'qotdi. Lekin hozir ahvoli yaxshi. Ammo uning holatini ertangi tibbiy nazorat tekshiruvlaridan keyin bilib olamiz.
Hech kim maydonga yutqazamiz deb tushmaydi. Har bir o'yinga g'alaba uchun maydonga tushamiz va maqsadni kattaroq olamiz. Bu yili chempionat qizg'in kechadi. Jizzaxning "So'g'diyona" jamoasi tarkibning o'zagini saqlab qoldi, "Navbahor" ham kuchaydi, qolaversa "Qo'qon-1912" ham yaxshi jamoa. "Paxtakor" garchi etakchilar ketgan bo'lsada ularni o'rniga saviyali futbolchilar olib keldi. Masalan, Masharipovni o'rniga Rashidov keldi. Aytmoqchimanki, "Paxtakor" keskin kuchsizlangani yo'q va ular kuchli jamoaligicha qolgan. Aytadiku, jo'jani kuzda sanaymiz. Bizning maqsad har bir o'yinga g'alaba uchun maydonga tushish va muxlislarga yoqadigan o'yin namoyish etgan holda ko'plab ishqibozlarni stadionga qaytarish», — dedi Mirjalol Qosimov.