So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Toshkent «Katta dubulg'a» turniri muxlislar bilan o'tishi kutilmoqda
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 140
Dzyudo muxlislari uchun xushxabar! Yaqinlashib kelayotgan Toshkent “Katta dubulg'a” turniri muxlislar bilan o'tishi kutilmoqda. Bu haqida rasmiylar musobaqaga bag'ishlab o'tkazilgan matbuot anjumanida xabar qilishdi.
Xabaringiz bor, joriy yilning 5-7 mart kunlari poytaxtimizda dzyudo bo'yicha ilk bor “Katta dubulg'a” tasnifiga kiruvchi yirik musobaqa bo'lib o'tadi. Ushbu turnir Tokio-2020 Olimpiya o'yinlari yo'llanmasi uchun qimmatli reyting ochkolarini berishi bilan yanada ahamiyatli. Bugun MOQ majlislar zalida mazkur musobaqaga bag'ishlangan matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o'rinbosari Ravshan Irmatov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o'rinbosari, O'zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, MOQ raisi o'rinbosari Sherzod Tashmatov, Xalqaro dzyudo federatsiyasining (IJF) musobaqalarni tashkil qilish bo'yicha menejeri Lisa Allan hamda tashkilotda faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Abdulla Murodov, shuningdek, terma jamoamizning etakchi sportchi va murabbiylari, OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Anjumanni Ravshan Irmatov kirish so'zi bilan ochib berdi. Shundan so'ng O.Kasimov va L.Allan ham mazkur tadbir va bo'lajak musobaqa haqida o'z fikrlarini bildirib o'tishdi. Shundan so'ng anjumanning savol-javob qismiga navbat berildi. Tabiiyki, musobaqaga muxlislarning kirishi haqidagi savol ko'pchilikni qiziqtirdi. Bunga Azizjon Kamilov quyidagicha javob berdi:
“Muxlislar uchun xushxabarimiz bor: Xalqaro dzyudo federatsiyasi Toshkent “Katta dubulg'a” turnirida muxlislarning arenaga kirishiga ruxsat berdi. Faqat buning uchun o'ziga yarasha talablar ham qo'yildi. Bunda tashkilotchilar muxlislarning sportchilar bilan aloqada bo'lmasliklarini ta'minlashi zarur. Bu borada hukumatimizdan ham rasman ruxsat olsak va xalqaro federatsiya talab qilgan tizimni ishlab chiqsak bo'lgani”.
Shuningdek, Lisa Allan musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik haqida ham o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
“Toshkent doim bizning ishonchimizni oqlab kelgan. Ko'rib turibmanki, bu yilgi turnirga ham tayyorgarlik ko'ngildagidek olib borilmoqda. Maqsadimiz dzyudo oilasi uchun ushbu sport havosini ulashish. Bu borada birinchi navbatda sportchilar, mehmonlar va mezbon mamlakatning xavfsizligini ta'minlashimiz kerak”, – dedi IJF vakili.
Anjuman davomida Azizjon Kamilov terma jamoamizning musobaqaga olib borayotgan tayyorgarligi, tarkibda kimlar bo'lishi haqida qo'shimcha qilib o'tdi.
“Musobaqada tarkibimiz asosan yoshlardan iborat bo'ladi. Negaki, biz ularga bunday xalqaro musobaqalar havosini ko'rishlari uchun imkon berishimiz kerak. Boisi oldinda Xanchjou-2022 Osiyo o'yinlari va Parij-2024 Olimpiya o'yinlari ham turibdi. Kichik jarohati sabab Muhammadkarim Xurramov bu turnirni o'tkazib yuboradi. Hukumatimizning qo'llab-quvvatlashi bilan “Katta dubulg'a” turniriga tayyorgarlik yuqori saviyada olib borilmoqda”, – dedi MOQ raisi o'rinbosari.
Tadbir davomida mutasaddilar musobaqalarni o'tkazish bo'yicha IJF qo'ygan talablar, Toshkentning kelgusi yil kattalar o'rtasidagi jahon chempionatini qabul qilishi, jamoamiz oldiga qo'yilgan rejalar haqidagi savollarga ham javob berib o'tishdi. O'z navbatida, jamoamiz bosh murabbiyi Ilias Iliadis va dzyudochilarimiz “Katta dubulg'a” turnirida g'alabalari bilan muxlislarimizni yanada xursand qilishga va'da berishdi.