So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Supermodellardan tortib, qiroligacha yoki eng mashhur muxlisalar haqida
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 4770
Futbol aqlli va go'zal, eng asosiysi, mashhur hurliqolarni ham o'ziga maftun etgan. Bunga etarlicha misollar keltirish mumkin. Italiya, Ispaniya, Angliya, umuman, ko'plab mamlakatlardagi futbol klublariga ko'ngil qo'ygan taniqli ayollardan uzun ro'yxat tuzish mumkin. Demak, bu safargi fotojamlanmamiz (manba: soccer.ru) nozanin va mashhur muxlisalarga bag'ishlanadi.
Aktrisa Kira Naytli - «Vest Xem». «Karib dengizi qaroqchilari» filmida Elizabet Suonn rolini maromiga etkazib ijro etgan va 2 marta «Oskar» mukofotiga loyiq topilgan aktrisa boshqa ishlari bilan ham mashhur. Deylik, u ba'zan Los-Anjelesdagi uyida ertalabki soat 4-6da uyqudan turib, darhol televizorni yoqadi - «Vest Xem» o'yinini ko'rish uchun. Bordiyu, sevimli jamoasi uchrashuvi ish vaqtiga to'g'ri kelsa, natijaga qiziqib turadi va keyinchalik videoyozuvga murojaat qiladi. Kirada futbolga nisbatan muhabbat otasi - Uill Naytli ta'sirida uyg'ongan. Alohida aytish joiz, u qiziga rus figurachisi Kira Ivanovaga havas qilib, ism tanlagan ekan. Umuman, sport emas, kino olamida o'z o'rnini topgan Kira futbolda ko'p narsalarni tushunadi, deylik, tahliliy ko'rsatuvlarni muntazam kuzatib boradi.
Model Sara Sampayo - «Portu». Ayrimlar bu hurliqoni tanimasliklari ham mumkin, ammo «Ins-tagram» tarmog'ida naq 7,2 mln. obunachisi (!) borligi Victoria~s Secret yulduzining naqadar mashhurligidan dalolat. Qolaversa, Sara shunchaki, etakchi brendlardan birining nav-batdagi yosh modeligina emas, uning qallig'i - britaniyalik multimillioner Oliver Ripli. Otasi esa futbolning ashaddiy fanati. Xullas, Portuda tug'ilgan Sara shu shahar nomidagi jamoa muxlisasidir. Sampayolar oilasida hattoki, Rojdestvo kostyumlari ham futbol va Evropa kubogini eslatib yuboradi.
Qirolicha Elizaveta Vindzor - «Arsenal». Aytishlaricha, 92 yoshli qirolicha muhtasham Bukingem saroyida atrofidagilarga Elizaveta II emas, balki Elizaveta IV ekanligini uqtirib kelar ekan. Bu borada hazilomuz gaplar ham bor: «Arsenal»ning sevimli o'rni aynan to'rtinchi qator-da...». Jiddiy aytganda, qirolicha deyarli butun hayoti davomida London klubini qo'llab-quvvatlab kelganini hech qachon yashirgan emas. Darvoqe, bu muhabbat unga onasidan o'tgan. Aslida qirollik oilasining ko'plab vakillari Angliyada etarlicha g'alaba qozongan klublarga ko'ngil berishgan. Faqat Elizavetaning buvisi va nabirasi (Garri) «gunnerlar» («Arsenal»ning yana bir laqabi)ga sodiq qolgan. Ma'lumot uchun aytish kerak, Elizaveta II birinchi jahon chempionatidan 4 yil muqaddam tug'ilgan, ilk Evropa birinchiligi vaqtida esa Frantsiyaga Buyuk Britaniya qirolichasi sifatida tashrif buyurgan. Endi qariya xonim nechta o'yin ko'rganini o'zingiz o'ylang...!
Model Emili Ratakovski - «Yuventus». Deyarli bir asrlik «staj»ga ega tajribali muxlisa o'z yo'liga, futbolga endi-endi oshufta bo'layotgan hurliqolar safi ham juda keng. Masalan, model Ratakovski Londonda ziyoli amerikaliklar oilasida tug'ilgan. Familiyasi inglizcha emasligi boisi shu. Qizaloq otasi izidan ilm sohasiga bosh suqishni istamadi va yoshligidan modellikka qiziqdi, keyin aktrisalikni ixtiyor etib, filmlarda ham suratga tushdi. Umuman, u harakatdan aslo to'xtamaydi. Qarang, Emili hattoki, «Yuventus» bilan do'stlashishga ham vaqt ajrata oldi. Xususan, Paulo Dibala bilan ancha inoqlashgan Ratakovski endilikda Turin klubi brendini butun dunyo bo'ylab ko'z-ko'z qilmoqda, yangi logotipi namoyishida bevosita ishtirok etdi. Ehtimolki, u futbolni uncha yaxshi tushunmas, lekin «Yuve»ga aslo befarq emas. Qolaversa, hurliqo muxlisa uchun o'yin qoidalarini to'liq bilish shart bo'lmasa kerak...
Teleboshlovchi Reychel Rayli - «MYu». Oksford universitetining matematika fakultetida tahsil olgan Reychel kvant mexanikasini o'rgangan va efirda tekstni fenomenal darajada tez o'qiydi. U Buyuk Britaniyada ko'ngilochar ko'rsatuv orqali shuhrat qozondi. Rayli dasturni taniqli komik Jimmi Kerri bilan birga olib boradi va turli mavzularni kulguli tanqid vositasida muhokama markaziga tashlaydi. U shuningdek, futbol TVda ham ko'rinish berdiyu, uzoq ushlanib qololmadi. Gap shundaki, «MYu»ni yoqtirmaydigan fanatlardan e'tiroz do'ldek yog'ilgandi. Darvoqe, Reychel «qizil iblislar» o'yinlarini ko'pincha rossiyalik raqqos Pavel Kovalyov bilan birga tomosha qiladi.
Xonanda Adel Edkins - «Tottenxem». «Xellou»! Britaniyalik xonanda ijrosidagi xit. Ushbu qo'shiq ijtimoiy tarmoqlarda 2,4 mlrd. marta tinglangan va tomosha qilingan. Ha, «Tottenxem» futbolchilari o'z o'yin-lari vositasida shunday mashhur xonandani rom etishgani bilan maqtanishlari mumkin. Bo'lajak yulduz va dunyodagi eng boy yosh xonimlardan biri Shimoliy Londonda tug'ilgan. Adel 8 yoshga to'lishiga qadar «Tottenxem»ning uy arenasiga yaqin hududda yashagan va haligacha imkon tug'ilishi bilan futbol tomoshasiga oshiqadi. U ayniqsa, stadionda «shporlar» timsoli bilan suratga tushishni xush ko'radi. Qiziq, Adel eng sevimli o'yinchisi sifatida kimni ko'rsatarkin? Variantlar etarli - Kristian Eriksen, Dele Alli, Garri Keyn, Son Xyun Min...
Aktrisa Monika Beluchchi - «Roma». Italiyalik aktrisaning jahon kinosidagi roli beqiyos. Har holda, u turli filmlarda turli obrazlarni mukammal holatda ko'rsatib bergan - Persefona («Matritsa»), Kleopatra («Asteriks va Obeliks»), Malena («Malena»). Qisqasi, gap asrlar almashuvi davrida serqirra ijodi bilan alohida ajralib turgan ayol haqida ketmoqda. Monikadan futbolga bog'liq muhabbati xususida so'rashganida, u «Roma»ni tilga olgan. Lekin shuning barobarida futbolda hech narsani tushunmasligini yashirmagan. Beluchchi xonim tabiiyki, «Rim shahzodasi» Franchesko Totti bilan yaxshi tanish.
Aktrisa Alissa Milano - «Inter». «Maftunkorlar» seriali ortidan tanilgan Alissa Bruklinda tug'ilgan. Lekin familiyasi aytib turibdi, tomirida italyanlar qoni bor. Milano ayni payt AQSh prezidenti Donald Trampni kalaka qilishdan charchamayapti, xayriya jamg'armalariga faol ko'mak bermoqda, xususan, turli xastaliklarni o'rganuvchi markazga shaxsiy hisobidan katta miqdorda mablag' ajratdi. Oddiy aytganda, o'ta faol xonim. 2 nafar farzandining otasi esa sport agenti. Milano nega aynan «Internatsionale»ni tanlagan? Bu italyanlarga hurmat bilan qarashining belgisi bo'lsa, ajabmas.
Aktrisa Ketrin Zeta-Jons - «Suonsi». «Oqqushlar» 2015 yili «MYu»ni mag'lubiyatga uchratishganida, Ketrin g'alaba sharafiga Los-Anjelesdagi basseynni pudaladigan o'yinchoq oqqushlar bilan to'ldirgandi. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida futbolga doir izohlar ham ko'p. Uelslik xonim 2004 yili hattoki, amakisi bosh-qaruvidagi «Llanelli Taun» klubiga sarmoya kiritgandi. Bu jamoa 2008 yili o'z tarixida ilk marta Uels chempioni bo'ldi. Biroq keyinchalik klubning ishlari ortga ketdi. Maykl Duglas turmush o'rtog'ining yana bir futbolcha ehtirosi - «Suonsi». «Oskar» sohibasi azaldan «oqqushlar»ga muxlisalik qiladi.
Xonanda Madonna Chikkone - «Benfika». Gay Richi - «Chelsi» fanati, uning sobiq turmush o'rtog'i Madonna Chikkone esa kamtarinroq «Benfika» muxlisasi hisoblanadi. Kutilmagan tanlov to'g'rimi? Axir amerikalik xonanda ijod bobida Portugaliyaga umuman bog'liq emas. Gap shundaki, estrada yulduzi 2006 yili, 60 yoshida Devid Bandeni o'g'illikka olgan. Bu yigit ayni payt 15 yoshda va «Benfika» maktabida shug'ullanmoqda. Tutingan ona esa o'g'lining istiqboli yo'lida Lissabonga ko'chib o'tdi va 5,4 mln. evroga shohona uy sotib oldi.
Aktrisa Sharliz Teron - «Chelsi». Kino olami yulduzi va London klubi o'rtasidagi munosabatlar avvaliga reklama loyihasidek tuyuldi. Chunonchi, Sharliz «Chelsi»ning Los-Anjelesdagi ofisiga qo'ng'iroq qilib, jonajon yurti - JARda xayriya dasturini amalga oshirish taklifini o'rtaga tashlagandi. Aniqrog'i, u o'z loyihasini futbol maydonida ko'rsatmoqchi bo'ldi va «Chelsi» bu borada yordam qo'lini cho'zdi. Yakunda Teron Londonda «aristokratlar» futbolkasini qabul qilib oldi, biroq aktrisaning klubga qayg'ura boshlashi masalasida shubha bor edi. Keyinchalik oydinlashdiki, Sharliz sportni juda yaxshi ko'radi, xususan, futbolga aslo befarq qaramaydi. Xullas, u millionlar o'yiniga rishtasiz bog'langan yana bir «Oskar» sohibasidir.
Xonanda Xelena Fisher - «Borussiya» D. Ko'pchilik bu qo'shiqchini uncha yaxshi tanimasa kerak. Krasnoyarskda tug'ilgan Elena Petrovna (asl ism-sharifi) 2018 yili germaniyalik xonanda rolida naq 32 mln. dollar topdi. Fisherlar oilasi vakillari anchadan buyon Dortmund «Borussiya»ga muxlislik qilishadi. Ota-onasi bilan ajdodlari yurtiga butunlay ko'chib ketgan Xelena esa «Signal Iduna Park»da katta kontsert ham bergan. Qisqasi, pop-yulduz darajasiga ko'tarilgan Fisher futbolga oshufta.
Xonanda Shakira va model Adriana Lima - «Barselona». Ha, Kataloniya jamoasining bu borada ham omadi chopgan - ikki yorqin muxlisa dueti. Biri kolumbiyalik, ikkinchisi braziliyalik. Aytgancha, Shakira va Lima avvaliga boshqa klublarni qo'llab-quvvatlashgan, lekin keyinchalik ularni «Barsa» sehri o'ziga tortdi. Shakira turmush o'rtog'i Jerar Pike bilan janjallashib qolsa, «Real» muxlisasiga aylanadimi? Gap shundaki, u oldin aynan «qaymoqranglar»ni yoqtirardi, hattoki, Florentino Peresdan «Real» futbolkasini sovg'a sifatida olgandi. Biroq taniqli xonanda endi faqat «blaugranas»ga qayg'urmoqda. Braziliyalik modelga kelsak, u sport «jinni»si. Har holda, Lima Olimpiada o'yinlaridan tortib, ayollar o'rtasidagi UFC janglarigacha - barcha-barchasini tomosha qiladi. Sportchilar orasida do'stlari ko'p. O'zi ham zalda shug'ullanishni xush ko'radigan Adriana ayni payt futbolda 2ta jamoa muxlisasi - Braziliya ayollar termasi va «Barselona».
Aktrisa Penelopa Krus va xonanda Jennifer Lopes - «Real». Krus xonimning turmush o'rtog'i - Xaver Bardem ashaddiy muxlis emas, u shunchaki, qallig'i bilan bahslashish uchun «Barselona»ni tanlagan. Madriddan atigi 13 kilometr uzoqlikdagi shaharchada tug'ilgan Penelopa esa bolaligidan «Real» bilan «hamnafas». Umuman, uning oilasida ko'pchilik «Madrid»ni qo'llab-quvvatlaydi. Bronksda, Puerto-rikoliklar oilasida tug'ilgan JeyLo esa yoshligida futbolga beparvo qaragan bo'lsa kerak. Endi o'g'li Devid ta'siridami, millionlar o'yiniga bog'landi-qo'ydi. Shuningdek, Jenniferning qarindoshlari orasida ham «Real» muxlisalari bor. Deylik, xonanda amakisining qiziga tug'ilgan kuni munosabati bilan ...Krishtianu Ronaldu vositasida «syurpriz» ulashgandi. Ya'ni portugaliyalik yulduzni tug'ilgan kun tantanalari o'tkazilgan tungi klubga taklif etgan - haqiqiy sovg'a.