So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Iskandar Shodiev O'zbekiston xokkey federatsiyasi raisining o'rinbosari etib saylandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3725
Sizga yaxshi ma'lumki, yurtimizda xokkeyga bo'lgan qiziqish avvaldan yuqori bo'lgan. Biroq, so'nggi yillarda mamlakatimizda ushbu sport faoliyatida biroz uzilish paydo bo'lgan va O'zbekistonda xokkey taraqqiyoti to'xtab qolgandi.
Bugunga kelib shaxsan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan qishki sport turlarini, jumladan xokkeyni ham rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayni paytda yurtimizda xokkey federatsiyasi ham faoliyat olib bormoqda.
Kecha, 13 fevral kuni Milliy olimpiya qo'mitasida O'zbekiston xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferentsiyasi bo'lib o'tdi. Unda MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov, O'zbekiston xokkey federatsiyasi rahbariyati va mutasaddilari, hakamlar hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Kun tartibidan o'rin olgan eng asosiy masala federatsiya raisiga o'rinbosar saylashdan iborat edi. Shu munosabat bilan mazkur lavozimga “Binokor” xokkey klubi menejeri Iskandar Qosimovich Shodiev nomzodi ilgari surildi. Konferentsiya ishtirokchilari bir ovozdan ko'rsatilgan nomzodni qo'llab-quvvatlashlarini ma'lum qildilar. Shu tariqa, I.Shodiev O'zbekiston xokkey federatsiyasi raisining o'rinbosari lavozimiga saylandi.
«Menga ana shunday imkoniyat berilganidan xursandman. O'zbekistonda xokkey asta-sekinlik bilan rivojlantirilmoqda. Bu yildan milliy chempionat ham tashkil etildi. Poytaxtimizda katta muz arenasi bunyod etilmoqda. Maqsadimiz – xokkeyni Respublika bo'ylab rivojlantirishdir. Birgalikda ishlab kelajakda muvaffaqiyatlarga erishamiz va vaqti kelib KXLda ham o'z jamoamiz bo'ladi», – dedi Iskandar Shodiev.
MOQ rahbari Umid Ahmadjonov ham kelajakda xokkey yurtimizda rivojlanishi haqida gapirib o'tdi.
«Mart oyida yurtimizda «Humo» muz saroyi foydalanishga topshiriladi. Kelajakda bunday muz arenalari viloyatlarda ham ko'payishiga umid qilamiz va xokkeyni butun mamlakatimiz bo'ylab rivojlantiramiz», – dedi Umid Ahmadjonov.
Shu tariqa, O'zbekiston xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi o'z ishini yakunladi.