So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
«Siti»da o'ynamayman, tamom!»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3299
APLning amaldagi chempioni «Manchester Siti» o'yin bobida har qancha qudratli va mukammal ko'rinmasin, joriy mavsum «toj»ni «Liverpul»ga topshiradi, shekilli. Chunonchi, Xosep Gvardiola yaratgan mexanizm goh-gohida pand bermoqda va «shaharliklar» qimmatli ochkolardan quruq qolishyapti. Yo'q, quyidagi maqola «Siti»ning omadsiz o'yinlari emas, balki cho'ntaklaridan go'yoki, pul «oqib» turuvchi shayxlar taklifini qabul qilmagan etuk yulduzlar haqida. Ochig'i, moddiy manfaat oldida bosh egmagan bu futbolchilar hurmatga sazovorlar. Ikkinchi tomondan esa, ehtimol, ular rad etishmaganida, Gvardiola «Siti»si chindan ham, ideal jamoaga aylanarmidi?
1. Lionel MESSI
Masala bahosi: 330 mln. evro
Krishtianu Ronaldu argentinalik raqibi Ispaniya Primerosidan bosh-qa ligada o'ynamaganini o'zgacha ohangda eslatib turadi. Aslida Leo bunday imkoniyatga ega bo'lgandi. Xosep Gvardiola «Siti» va Messi haqidagi savollarga hamisha bir xil javob beradi: «Yo'q, undan hech qachon jamoamga o'tishini so'ramaganman, rahbariyat oldiga ham Lionelni sotib olish shartini qo'ymayman». «Manchester Siti» prezidenti Xaldun al Muborak esa, bir safar ochiqroq gapirgandi. Unga ko'ra, «shaharliklar» aynan Gvardiola vositachiligida argentinalik dahochaga o'sha vaqt «Barselona»da olayotganidan birdaniga ikki baravar ko'p maosh taklif etishgan, ammo u ma'lum muddat o'ylab ko'rgach, Angliyaga ko'chib o'tishdan bosh tortgan.
2. Virjil van DEYK
Masala bahosi: 84 mln. evro
«Sautgempton» va «Liverpul» vakillari gollandiyalik himoyachi transferi bo'yicha kelishuvga erishishgach, «Siti» shunchaki, hafsalasizlikka tushgandir. «Shaharliklar» rahbariyatining van Deyk haqidagi o'zaro suhbatlari hattoki, klub hayotini yoritgan «Hammasi yoki hech narsa» nomli hujjatli filmga ham tushgan. Ha, Gvardiola yana bir baquvvat markaziy himoyachiga ehtiyoj sezgan, ammo «Siti» xo'jayini narx (75 mln. funt)ni eshitgach, hayratini yashirolmagan: «Nima, hazillashyapsizlarmi?» «Qizillar» esa buni hazilga yo'yishmadi va gollandiyalikni futbol tarixidagi eng qimmatbaho himoyachiga aylantirishdi. «Achchiq chaynash» zoe ketmadi - o'tgan mavsum «Siti»ni ChLdan chetga surgan «Liverpul» endi uni APL taxtidan tushirmoqchi, albatta, himoyada metindek turgan van Deyk yordami bilan.
3. Dani ALVESh
Masala bahosi: 0, erkin agent
O'ng qanotga munosib ijrochi qidirgan Gvardiola birinchi navbatda, eski tanishiga e'tibor qaratdi. Biroq braziliyalik futbolchi sobiq murabbiyiga darhol rad javobi berdi. Dani keyinchalik «PSJ»ga ro'yxushlik bildirdi, «shaharliklar» esa Kayl Uoker va Daniloni sotib olishdi. Qiziq, Alvesh Parijni nega Manchesterdan ustun ko'rgan? Ma'lum bo'lishicha, braziliyalikning yosh turmush o'rtog'i (albatta, model) modalar poytaxtini tanlagan ekan. Har holda, Alvesh o'z bayonotida Gvardioladan uzr so'rash barobarida «oilaviy qaror» tufayli «Manchester Siti»da o'ynolmasligini oshkora tan olgandi.
4. Eden AZAR
Masala bahosi: 170 mln evro.
«Manchester Siti» tepasidagi shayxlar belgiyalik xavbek uchun ham misli ko'rilmagan darajada ko'p pul sarflashga tayyor turishgandi. Ammo Azarning o'zi bir necha intervyularida «Real» libosini kiyishga ishtiyoqi balandligini sha'ma qildi. «Shaharliklar» shuning ta'siridami, APL yulduzlaridan birining familiyasini elit ro'yxatlaridan o'chirishdi. Qarang, «Chelsi» yaqinda «Manchester Siti»ni mag'lubiyatga uchratgach, yarim himoyachi darhol tiliga erk berdi: «Gvardiola ixtiyorida ajoyib jamoa bor, faqat unga Azar etishmayapti». Nima, bu «shaharliklar» Edendan tezda umid uzishgani uchun kinoyami?
5. JORJIN'O
Masala bahosi: 50 mln. evro
Fernandino may oyida 34 yoshga to'ladi. David Silva ham navqiron emas (33 yosh), uni jarohatlar qiynay boshladi. Har ikkisi boshida markaz emas, hujumga yaqin nuqtada o'ynardi, xuddi Bernardu Silva va Kevin de Bryuyne kabi. Qisqasi, Gvardiola uzatmalar va kombinatsion futbol bilimdoni qidirgani aniq, demakki, Jorjinoga ham qiziqqan. Biroq transferning amalga oshmaganiga ma'lum ma'noda murabbiyning o'zi aybdor. To'g'rirog'i, Xosep italiyalik Mauritsio Sarrini Angliyada ishlashga chorladi, «Chelsi» esa murabbiy uchun tovon puli to'lashga rozi bo'ldi, faqat Jorjinoni ham qo'yib yuborishni so'radi. Braziliyalik italyanning APLdagi debyuti shuni ko'rsatdiki, u «Siti»ni kuchaytirishi mumkin edi. To'g'ri, Jorjino onasi - doni Mariya Tereza maslahatini inobatga olib, «Chelsi»ni tanlaganini ham aytish o'rinli.
6. FRED
Masala bahosi: 50 mln. evro
«Shaharliklar» Ukraina chempionati vakillariga yuqori baho berishadi. Ular Yaya Ture va Fernandino transferidan xulosa chiqarib, o'rta chiziqda Donetsk klubining yana bir a'zosini ko'rmoqchi bo'lishdi. Biroq Fred Manchesterning «qizil» tomonini tanlab, Gvardiolani rosa ranjitdi. Ehtimolki, «MYu» futbolchiga ko'proq taklif qilgandir... Fakt shuki, braziliyalik futbolchi «qizil iblislar» safiga qo'shildi, ammo hozircha o'z iqtidorini to'liq namo-yish etganicha yo'q.
7. Aleksis SANChES
Masala bahosi: 39 mln. evro
Ko'pchilikkka ma'lum yanvar voqeasi. «Arsenal» chililik to'purarni sotishga chog'langanida, «Siti» birdaniga da'vogarlar qatoriga qo'shildi. Ammo Sanches oxir-oqibat, taklifni rad etgach, Gvardiola alam ustida tezda boshqa qanot hujumchisi topdi - Riyod Mahrez. Vaholanki, «Siti» rahbariyati chililikning shaxsiy shartnoma bo'yicha talabini qabul qilib, unga haftasiga 250 ming funt miqdorida maosh berishga ko'ngandi. Biroq oraga «MYu» suqulib kirgach, hammasi o'zgardi. «Qizil iblislar» futbolchilarining Aleksisni yaxshi kutib olishmagani sababi esa tayin - klubda unga nega 500 ming funt (haftasiga) to'lashga rozi bo'lishganini hech kim tushunmadi.
8. Pol POGBA
Masala bahosi: 100 mln. evro
2016 yil yozida «Yuventus»ning o'sha vaqtdagi direktori Beppe Marotta klub ofisiga Manchesterdan taklif kelganini tasdiqladi, u «Yunayted» emas, «Siti»dan edi. Xullas, Gvardiola rahbariyatga murojaat qilib, Pogbani zudlik bilan sotib olishni so'ragan ekan. Ehtimolki, Pol kataloniyalik mutaxassis qo'l ostida o'ynashga qarshi chiqmagandir, ammo uning agenti - Mino Rayola uchun transfer summasi muhim edi. Yakuniy xulosa shuki, «MYu» bu masalada ham Gvardiola maqsadini buzdi...
9. Mark-Andre ter ShTEGEN
Masala bahosi: 25 mln. evro
Aslida «Manchester Siti» ko'plab nomdor darvozabonlar xizmatiga qiziqqan, chunki Jo Xart ishonchni oqlay olmagandi. Umuman, «shaharliklar» vaqtida Janluiji Buffonni ham chaqirishgan, faqat buyuk kiper o'sha payt «Yuventus»dan ko'ngil uzolmagan. Mark-Andrega kelsak, uning «Borussiya» M. jamoasida uzoq vaqt qolmasligi oldindan ma'lum edi. Ana shu holatda «Barselona»ning nemis kiperiga atigi 12 mln. evro to'lagani g'alati. Gvardiola esa iqtidorli darvozabonni o'z tomoniga og'dirolmagach, Klaudio Bravoni chorladi, faqat bundan hech qanday naf chiqmadi.
10. Frenki de YONG
Masala bahosi: 80 mln. evro.
Eng oxirgi misol. Hammasi oddiy gollandiyalik iqtidorning otasi «Barselona»ga moyillik bildirdi. Ya'ni u o'g'lini ko'k-anorrang tusli futbolkada ko'rishni xohladi. Frenkining o'zi ham bolaligidan aynan «Barsa»ga muxlislik qilishini ko'p bora aytgandi. Zero, Gollandiyada bu jamoaga nisbatan boshqacha mehr shakllangan - Yoxan Kroyff ta'sirida, albatta. Lekin aytishlaricha, Tomas Tuxel boshida uni «PSJ»da o'ynashga ko'ndirgan emish, faqat yakun boshqacha bo'ldi. Demakki, «Manchester Siti»da imkoniyat u qadar katta emasdi.
Qiziq, agar shu futbolchilar «Siti»ga rad javobi berishmaganida yoki klub ularni sotib olishda xarajat chekloviga duch kelmaganida, Xosep Gvardiola tarkibi qanday ko'rinish olardi? Mana, ehtimoliy variantlardan biri:
Mark-Andre ter Shtegen - Dani Alvesh, Jon Stounz, Virjil van Deyk, Benjamin Mendi - Pol Pogba, Jorjino, Kevin de Bryuyne - Lionel Messi, Serxio Aguero, Eden Azar.
Shunday taqdirda quyidagi futbolchilarga ehtiyoj sezilmasdi, balki: Rahim Sterling, Riyod Mahrez, Emerik Lyaport, Kayl Uoker.