So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
OK-2000: Mislsiz sharmandalik…
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 5432
Taniqli mutaxassis Alisher Nikimbaevning shaxsiy kanali («Futbolium»)da taqdim etilayotgan ma'lumotlar asosida «Osiyo kubogi. Oldin qanday bo'lgan?» serialini davom ettiramiz. Navbat 2000 yilgi turnirning final raundi haqidagi hikoyaga keldi. Ko'pchilik yaxshi eslasa kerak, O'zbekiston milliy jamoasi tarixidagi eng katta sharmandalik aynan Livan-2000da kuzatilgandi...
Taqdir ekan, BAAdagi saralash turniriga deyarli tayyorgarliksiz va o'yinni aniq yo'lga qo'ymagan holda borgan va ortga yo'llanma bilan qaytgan O'zbekiston terma jamoasi atigi bir oydan keyin bosh murabbiysiz qoladi. Yigitlarimizni kvalifikatsion raundda g'alaba sari boshlagan Mahmud Rahimov 1999 yilning dekabr oyi so'nggi kunlari avtofalokat oqibatida hayotdan ko'z yumadi. U Samarqanddan Toshkentga mashinada yo'lga tushgandi. Bitta taxminga ko'ra, haydovchining rul ustida uxlab qolgani mudhish voqeaga sabab bo'lgan. Asosiy zarba murabbiy joy olgan avtomobilning old o'rindig'i tomoniga tushgan...
Aytish o'rinli, Rahimovning O'zbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi mehnatlari Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan munosib baholangan. Ya'ni hamyurtimiz o'limidan keyin qit'aning 1999 yilgi eng yaxshi murabbiyi sifatida e'tirof etilgandi. Tabiiyki, Rahimovning halokati O'FF oldiga zudlik bilan yangi murabbiy topish vazifasini ko'ndalang qo'ygandi. Avvaliga Viktor Borisov vaqtincha bosh murabbiy maqomida ish boshlaydi va jamoamizni 2000 yilning 29 fevral kuni Mo'g'uliston termasiga qarshi kechgan o'rtoqlik o'yinida maydonga boshlab tushadi. Darvoqe, shundan 15 oy avval ham mo'g'ullar bilan kuch sinashgandik. Shu-shu bu ikki jamoaning yo'llari boshqa kesishmadi. Xullas, Osiyo o'yinlari-98dan o'rin olgan uchrashuvda O'zbekiston termasi raqib ustidan ochiqchasiga kulgandi - 15:0. O'rtoqlik o'yinida esa Mo'g'uliston termasiga qaysidir ma'noda omad kulib boqqan. To'g'rirog'i, futbolchilarimiz bu safar nisbatan «kamtarona» hisobda g'alaba qozonishgan - 8:1.
Mart oyiga kelib, milliy jamoa boshqaruvi rossiyalik mutaxassis Pavel Sadirin ixtiyoriga topshiriladi. U futbolchilarimizni o'sha vaqtlar uchun an'anaviy bo'lgan Tailand safariga olib boradi va Isroil termasiga qarshi kechgan o'rtoqlik o'yinida ijobiy natija ta'minlay olmaydi - 0:2. Shu o'yindan 2 hafta o'tmay turib, Sadirin terma jamoamizdan ketadi. Ushbu kutilmagan o'zgarish yuzasidan berilgan rasmiy izohga muvofiq, Pavel Fyodorovich TsSKA (Moskva)ni qutqarish taklifini rad etolmagan. Chunonchi, taklif o'sha vaqtdagi Rossiya Mudofaa ishlari vaziri Sergeevning shaxsan o'zidan tushgani tufayli Sadirin O'FF bilan tuzgan shartnomani buzishdan o'zga chora topolmagan ekan. Norasmiy taxminga ko'ra esa, federatsiya murabbiyni olib qolishga unchalik harakat qilmagan, chunki shartnomada ko'rsatilgan maoshni to'lash uchun mablag' bo'lmagan. Men Sadirin bilan uning ketishidan oldin gaplashgandim, bu murabbiyning standart intervyusi emasdi. Binobarin, Pavel Fyodorovich endi bitta jamoadan bo'shagan, lekin ikkinchisini hali rasman qabul qilmagandi.
Qisqasi, Sadirin iste'fosidan keyin O'zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi masalasi yana kun tartibiga chiqadi. Yakunda O'FF rahbariyati Yuriy Sarkisyan nomzodini tanlaydi. «Neftchi»ning o'sha vaqtdagi ustozi 1996-1997 yillar ham milliy jamoa murabbiylar shtabidan joy olgandi. Norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Sarkisyan ilk davrdayoq ayrim o'yinlarda bosh murabbiy vakolatini o'z zimmasiga olgan, biroq bu rasman tasdiqlanmagan. Shunday qilib, Yuriy Sarkisyan 2000 yilning iyunida rasman milliy jamoa bosh murabbiyiga aylanadi. Bu O'zbekiston bosh jamoasining eng yaxshi davri emasdi. Har holda, 1999 yilgi muammolar yo'qolib qolmagandi. Deylik, O'FFda terma jamoa uchun pul yo'q edi, shuning uchun o'rtoqlik o'yinlari masalasida mutlaqo xarajatsiz variantlar tanlanardi. Qolaversa, qit'a miqyosidagi bosh turnir oldidan oxirgi yig'in Farg'onada tashkillashtiriladi. Boz ustiga, sparring-raqib vazifasini bir qator futbolchilari milliy jamoaga chaqirilgan «Neftchi» bajaradi. Xullas, jamoamiz Livanga yo'l olishdan oldin yakuniy nazorat o'yinini ancha zaiflashgan klubga qarshi o'tkazadi.
Shunday bo'lsada, O'zbekiston termasi tarkibi kuchsiz emasdi, har holda, 4 yil oldingisidan zaif ko'rinmagan. Faqat faxriylar o'rnini yosh iqtidorlar egallashgan, ularda tajriba ham oshgandi. Biroq Livanda hammasi BAA-96dagidan ham ancha yomon tus oladi. Turnirning start o'yinida milliy jamoamiz Qatar termasiga qarshi maydonga tushadi. Mutaxassislar O'zbekiston termasi Osiyo kubogini g'alaba bilan boshlashiga shubha qilishmagandi. Biroq navbatdagi «xira» o'yin 1:1 hisobidagi durang natija bilan tugaydi. Yagona gol Mirjalol Qosimov nomiga yozilgandi - jarima nuqtasidan berilgan o'ziga xos zarba mahsuli. Guruhdagi qolgan ikki raqibimiz Yaponiya va Saudiya Arabistoni termalari edi va shuni hisobga olib aytsak, birinchi o'yindan ke-yinoq «pley-off»ga chiqish imkoniyatimiz keskin pasaygandi.
Yaponlarga qarshi kechgan ikkinchi bahsda hammasi mutlaqo «qulaydi». Axir Yaponiya termasi 25-daqiqagacha darvozamizga 5ta javobsiz gol urishga ulgurgandi. Yana Pavel Bugalo penaltini bartaraf etishga muvaffaq bo'lgandi. 29-daqiqaga kelib, Sergey Lushan oradagi farqni bitta golga qisqartiradi. Biroq yaponlar ikkinchi bo'limda Pavel Bugalo darvozasini yana 3 bora nishonga olib, terma jamoamizni eng yirik mag'lubiyatga ro'baro' qilishadi. «Bunday sharmandalikni hali bilmagandik» - «Gol» haftanomasi shunday sarlavha bilan chiqqandi o'yindan keyin. Mana, oradan 18 yil o'tdiki, o'sha uchrashuv terma jamoamiz tarixida eng sharmandalisi bo'lib qolmoqda.
Eng e'tiborlisi, 1:8 hisobiga qaramay, O'zbekiston termasi o'sha vaqtdagi tizimga ko'ra, guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qolgandi. Buning uchun shunchaki, 3-turda Saudiya Arabistoni termasini engish talab etilardi. Shunda vakillarimiz guruhda 2-o'rinni egallab, chorak final yo'llanmasini qo'lga kiritishlari mumkin bo'lardi. Biroq birinchi bo'lim yarmidayoq O'zbekiston termasining turnirdagi istiqboli nolga tengligi oydinlashib qoladi: saudlar 35-daqiqada hisobni 2:0ga etkazib qo'yishgandi. Uchrashuvning yakuniy qismida jamoamiz yana 3ta gol qo'yib yuboradi va Osiyo kubogidagi sharmandali ishtirok shu tariqa yakuniga etadi.
Jamoa Livandan qaytgach, Yuriy Sarkisyan O'FF ijroqo'mi oldida hisobot berar ekan, shunday degandi: «1996 yili Yaponiyada bo'lganimizda, yaponlar o'z texnologiyalari bilan 21-asrga qadam qo'yishganini tushungandik. Osiyo kubogida esa yapon futboli ham yangi asrda ekanligiga ishonch hosil qildik». Ijroqo'mning o'sha majlisi tarixiy hisoblanadi: O'FFda bosh kotib lavozimida ishlagan Zokir Qurbonov terma jamoaning salbiy natijalari uchun iste'foga chiqqan birinchi futbol funktsioneri bo'lgandi. Uning o'rnini Baxtiyor Rahimov egallagan va O'zbekiston futbolida yangi davr boshlangan. Lekin bu haqda - keyingi safar...
Osiyo kubogi-2000
Guruh bosqichi. 1-tur
O'ZBEKISTON - QATAR - 1:1 (0:0)
14.10.2000. Sayda (Livan).
Gollar: M.Qosimov (74) - Muhammad G'ulom (61).
O'zbekiston: P.Bugalo, B.Ashurmatov, A.Fyodorov, D.Fayziev, S.Lebedev, O.Shomurodov (N.Qutiboev, 69), Sh.Rahmonqulov (I.Shkvirin, 46), N.Shirshov, M.Qosimov, M.Shatskix, R.Do'rmonov (A.Akopyants, 76).
---------------------------------------------
Guruh bosqichi. 2-tur
O'ZBEKISTON -
YaPONIYa - 1:8 (1:5)
17.10.2000. Sayda (Livan).
Gollar: S.Lushan (29) - Maroshima (7), Nisishava (14, 25, 49),
Takaxara (18, 20, 57), Kitishima (79).
O'zbekiston: P.Bugalo, B.Ashurmatov, A.Fyodorov, F.Davletov (S.Lebedev, 24), S.Lushan, M.Qosimov, N.Shirshov, A.Xvostunov, A.Toirov
(O.Shomurodov, 60), M.Qurbonov (I.Shkvirin, 46), M.Shatskix.
---------------------------------------------
Guruh bosqichi. 3-tur
O'ZBEKISTON -
S.ARABISTONI - 0:5 (0:2)
20.10.2000. Sayda (Livan).
Gollar: al Otaybi (18),
al Shlxub (35, 78, 80), al Temyat (88).
O'zbekiston: P.Bugalo, S.Lebedev, D.Fayziev, S.Lushan, A.Xvostunov, M.Qosimov (N.Qutiboev, 81),
N.Shirshov, O.Shomurodov (B.Ashurmatov, 46), A.Akopyants, R.Do'rmonov (U.Isoqov, 46), M.Shatskix.
1. Yaponiya 3 2 1 0 13-3 7
2. S.Arabistoni 3 1 1 1 6-4 4
3. Qatar 3 0 3 0 2-2 3
4. O'zbekiston 3 0 1 2 2-14 1