So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Alisher Azizov: «Qirg'izistonda meni aldashdi, lekin...»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 3385
O'z vaqtida, O'zbekiston chempionatidagi o'yinlari bilan muxlislar mehrini qozongan iste'dodli hujumchi Alisher Azizov hozirda faoliyatini Bangladesh chempionatida davom ettirmoqda. Bundan avval u Qirg'izistonning «Dordoy», «Olg'a», Ummonning «Al-Salam» klublari sharafini ham himoya qilgandi. Hattoki, «Olg'a» bilan o'rtada pul masalasida muammolar yuzaga kelgandi. Vaziyat hujumchimiz foydasiga hal bo'lmagach, Alisher Bangladesh klubidan tushgan taklifni qabul qilib, Qirg'iziston chempionatini tark etdi. Azizov o'tgan yilning oktyabr oyida Bangladeshning «Shayx Rusel» klubi bilan shartnoma imzoladi. O'tgan hafta mamlakat chempionati start oldi va hamyurtimiz o'ynayotgan klub ilk turda g'alabaga erishdi. Uchrashuvdagi yagona golga aynan Alisher mualliflik qildi. Biz ana shu o'yindan so'ng Azizov bilan bog'lanib, undan intervyu oldik.
- Alisher, hozirgi jamoangiz tarkibiga borib qo'shilishingiz qanday amalga oshgandi?
- Qirg'izistonning «Olg'a» jamoasida o'ynab yurganimda Bangladeshdan taklif tushdi. O'zi o'sha payt «Olg'a»dan ketmoqchi bo'lib yurgandim. Chunki klub rahbarlari va'da qilingan oylik maoshlarimni berishmayotgandi. Bu hol deyarli to'rt oy davom etdi. Mazkur klubga «Dordoy»da birga ishlagan murabbiyimiz taklif qilgandi. Unga ishonganim uchun ham «Olg'a» safiga borib qo'shilgandim. Lekin berilgan va'dalar bajarilmadi. Bu orada agentim Bangladeshning «Shayx Rusel» jamoasidan taklif bo'layotgani, ushbu klub o'z oldiga chempionlik vazifasini qo'yganligini aytdi. Shunda «Olg'a» rahbarlari bilan uchrashib, maoshlarimni berishmayotgani, Bangladesh jamoasiga qo'yib yuborishlarini so'radim. Ular ham bunga rozi bo'lishdi. Yangi jamoam safiga o'tgan yilning oktyabr oyida borib qo'shildim. Tanishib chiqdim, sharoitlari menga aytilganidek ekan.
- «Olg'a»ga taklif qilgan murabbiy huquqlaringizni himoya qilmadimi?
- «Dordoy»da yaxshi mavsum o'tkazib, maoshlarimni o'z vaqtida olgandim. U erdan keyin Ummonga yo'l oldim. O'sha payt Ummon chempionati davom etayotgani uchun «Al-Salam» klubi bilan to'rt oylik shartnoma imzoladim. Kelishuv yakuniga etgach, o'tgan yilning yozida O'zbekistonga qaytganimda, «Metallurg»ga taklif etishdi. Ammo jarohatim borligi sababli Andrey Shipilovga rad javobini berdim. Chunki bu mutaxassis bilan «Paxtakor»da ham birga ishlagandim. Men uchun qadrli bo'lib qolgan insonga to'g'risini aytdim. Operatsiyadan keyin tiklanish jarayoni ketayotgandi. O'yin amaliyoti etarli emasdi, foydam tegishi amrimahol edi. Buni o'zlariga ham aytdim va ular to'g'ri tushunishdi. Bu orada «Dordoy»dagi murabbiyimiz Rustam Siddiqov meni «Olg'a»ga taklif qildi. Unga ishonib Qirg'izistonga yo'l oldim. Jamoa bilan shartnomamda kamroq summa yozilib, qo'limga ko'proq pul berishni va'da qilishdi. Siddiqovga ishonganim uchun taklifga rozilik berdim. Qolaversa, «Olg'a» rahbariyati ham «Dordoy»da ishlaganlar edi. Afsuski, voqealar rivoji o'ylaganimdek bo'lib chiqmadi. Nafaqat meni, balki jamoaning boshqa legionerlarini ham aldashdi. «Olg'a»da o'yin amaliyotini olib, «Metallurg»ga qaytishni rejalashtirgandim.
- Adashmasam, «Olg'a» bilan og'zaki kelishuv bo'yicha 1000 dollar maosh taklif qilingan. Shartnomada esa 50 dollar ko'rsatilgandi. Bu ma'lumot to'g'rimi?
- Ha, kelishuv bo'yicha 1000 dollardan ham ko'proq maosh berishlari ko'zda tutilgandi. Har bir urilgan gol uchun ham mukofot puli ajratishlarini aytishgandi. Deyarli har bir o'yin-da raqib darvozasini ishg'ol qildim. Ammo... Menga taklif qilingan variant xomligini bilardim. Lekin ishongan insonlarim aldashmasa kerak, deb o'ylagandim. O'sha payt O'zbekistonda transfer oynasi yopilgandi. Boshqa ilojim yo'qligi sababli ham «Olg'a» taklifiga rozilik bergandim. Chempionlik uchun kurashayotgandik. Pul muammosi yuzaga kelganidan keyin natijalar pasaydi. Futbolchilarning ruhiyati tushib ketdi, hech kimning o'ynagisi kelmay qoldi. Baxtimga Bangladesh klubidan taklif tushdi.
- Pulingizni undirish masalasida Qirg'iziston futbol federatsiyasi yoki boshqa tegishli organlarga murojaat qilsangiz bo'lmasmidi?
- Bu murojaatdan hech qanday naf chiqmasdi. Chunki federatsiya ham ishni hujjat bo'yicha ko'rib chiqardi. Shartnomada ko'rsatilgan summa 4 oyga 200 dollargina edi. Qolaversa, klub rahbariyati bizga kundalik xarajatlarimiz uchun qo'shimcha 50 dollardan bergandi. Ular «Mana, biz shartnomadagi pulni berganmiz», deb turib olishlari ham mumkin edi. Quruq gapga hech kim ishonmaydi. Shukrki, uzoq vaqt ishsiz qolmadim. Bangladeshda «Olg'a»da qolib ketgan maoshimni ham qoplaydigan shartnoma imzoladim. Ochig'i, Bangladeshda futbol yo'q, deb o'ylagandim. Lekin Superligamizdagi ayrim jamoalardan ham sharoiti yaxshiroq ekan. Legionerlarga yaxshigina haq to'lasharkan. Biz Osiyoning futboli rivojlangan mamlakatimiz, deb maqtanamiz-u, lekin ba'zi jihatlar bo'yicha Bangladeshdan orqada ekanmiz. Mahalliy futbolchilari ham katta maosh olishadi. Bu borada ayrim o'yinchilarimiz hozir olayotgan maoshlariga rahmat deyishsa arziydi.
- Masalan, O'zbekistonda Superliganing ayrim o'rtamiyona klublari serb futbolchilari uchun taxminan 3-4 ming dollar to'lashyapti. Bangladeshda legionerlarning o'rtacha maoshlari qancha ekan? Xorijlik o'yinchilar uchun limit, ya'ni cheklov bormi?
- Klublarga ro'yxatdan o'tkazishlari uchun uch xorijlik va bir nafar osiyolik legionerga ruxsat berilgan. Bangladesh oliy ligasidagi 14ta jamoaning deyarli barchasi bu limitdan foydalangan. Jahon chempionatida o'ynagan Kosta-Rika termasi sardori ham hozir Bangladesh chempionatida o'ynayapti. Klublari legionerlarga jiddiy e'tibor qaratadi. Braziliya, Argentina, Nigeriya kabi davlatlardan futbolchilar ko'pchilikni tashkil qiladi. Osiyoliklardan ko'ra, boshqa qit'adan keluvchi legionerlarga ishonch yuqori. Lekin siz aytgan summaga qo'shila olmayman. Superligamizda «Paxtakor» va «Lokomotiv» jamoalarigina shuncha yoki undan ko'proq maosh bera olishadi. Bu jamoa futbolchilariga o'rtacha 30-40 million so'm beriladi. Qolgan klublar shuncha pulni bera olmaydi. Kelayotgan legionerlar ham arzimagan maoshga o'ynayapti. Mening bilganim, «Qizilqum», «Neftchi»ga o'xshagan klublarda taxminan 1000 dollar atrofida maosh berishadi. Siz aytgan 3000-4000 dollarga Bangladeshda mahalliy futbolchilari o'ynayapti. Boz ustiga, bu erda yaxshi tomoni, bir yillik shartnomangizda ko'rsatilgan summaning 70 foizini oldindan berishar ekan. Men ham sakkiz oylik summani avvaldan olganman.
- Ularda futbolchilarni aldash holatlari yo'q ekanmi?
- Hammasi o'z ishiga professional yondashadi. Lekin muammolari ham etarlicha. Masalan, asosiy stadionlari yaxshi bo'lgani bilan, mashg'ulot uchun ajratilgan maydonlarning holati talab darajasida emas. Kuchli klublarda sharoitlar yaxshi. Ba'zi holatlarda oylik maoshlar 10-15 kun kechikadi. Lekin bizda bo'lgani kabi yilning oxirida ham bermay qolmaydi. Uzog'i bilan ikki haftaga kechikib bo'lsa ham maoshlarni to'laydi. Bizdagi kabi pulini so'rab PFLga murojaat etish yo'q. Hamma klublardagi legionerlar bilan suhbatlashdim, hech birida pul olish bo'yicha muammo yo'q.
- Chempionati ikki davrali tizimda o'tkaziladimi? Kubok bahslari-chi?
- Bangladeshda dastlab kubok bahslari o'tkazilib, keyin chempionatga start beriladi. Federatsiya hamda mamlakat kuboklari bor. Ana shu ikki musobaqaning dastlabkisida finalga chiqib, yutqazdik. Bangladesh chempioni to'g'ridan-to'g'ri OFK kubogi guruh bosqichida ishtirok etadi. Kubok sohibi esa saralash bahslarida imkoniyatini sinab ko'rar ekan. O'tgan yilning oktyabr oyidan noyabrning o'rtalarigacha bitta kubok o'tkazildi. Dekabr-yanvar oylarida esa ikkinchi kubok bahslari bo'lib o'tdi. Yigirmanchi yanvardan Bangladesh chempionati boshlandi. Bu erda ob-havo yaxshi bo'lgani uchun liga yanvardan avgustgacha davom etadi. Harorat yil davomida o'rtacha 28-30 darajani tashkil qiladi. Chempionat ikki davrali bo'lib, birinchisi may oyigacha o'tkaziladi. Kichik tanaffusdan so'ng ikkinchi davraga start beriladi. Aslida, bunga qadar xuddi Evropada bo'lgani kabi, kuz-bahor tizimiga amal qilingan ekan.
- Jamoangiz oldiga chempionlik vazifasi qo'yilganmi?
- Xuddi shunday. Endigina bitta tur o'tkazildi. Hamma jamoalarda pul borligi uchun bu yil kamida 5ta klubning chempionlik uchun kurash olib borishi kutilmoqda.
- Stadionlari, futbol infratuzilmasi, muxlislarning o'yinlarga tashrifi qanday ekan?
- Poytaxt hamda unga yaqin shaharlardagi stadionlar talab darajasida. Dakkaning o'zida ikkita katta stadion bor. U erda futboldan tashqari kriket ham o'ynaladi. Sportning bu turi ko'p muxlis yig'ishi sababli ham arena sig'imi ancha katta ekan. Muxlislar xuddi o'zimizda bo'lgani kabi poytaxtdan ko'ra viloyatlarda ko'proq o'yin-larga tushishadi.
- Qaerda yashayapsiz? Mahalliy sharoitlarga ko'nikib qoldingizmi?
- Menga alohida uy berishgan. Klub rahbariyati jamoa uchun bitta katta uy sotib olgan. Mahalliy futbolchilar o'yinga tayyorgarlik ko'rish paytida shu erda yashashadi. Bu xonadonning ro'parasidan legionerlar uchun maxsus apartament ko'rinishidagi turar-joy xarid qilingan. Ovqatlariga umuman ko'nikolmadim. Yaponiya, Tailand, Hindiston, Janubiy Koreyada bo'lgani kabi, taomlari juda achchiq. Ko'pincha o'zim bozorlik qilaman. Legionerlar uchun alohida oshpaz berishgan. Masalliqlarni topshiramiz, u esa bizga aytgan taomni pishirib beradi. Bu erda juda ko'p guruch eyishadi.
- Sizdan boshqa legionerlar bormi?
- Mendan tashqari ikki nigeriyalik va bir braziliyalik futbolchi bor. O'sha braziliyalik Avstriyaning «Zaltsburg» klubidan kelgan. Osiyo limitini men to'ldirganman.
- Bosh murabbiy mahalliy mutaxassismi?
- Xuddi shunday. Lekin yordamchilari Keniya va Portugaliyadan. Mashg'ulotlarni asosan shu ikki xorijlik mutaxassislar o'tkazishadi. Adashmasam, bosh murabbiyimiz Bangladesh milliy jamoasida ham ishlagan. O'zimizga o'xshagan jaydari bolalar ekan, til topishish qiyin kechmadi. Bilasiz, braziliyaliklar quvnoq xalq bo'ladi. Ular bilan do'stlashish juda oson.
- Shartnoma qancha muddatga imzolangan?
- O'tgan yili may oyigacha shartnoma imzolagandim. Yuqorida aytganimdek, bu yilgi chempionat belgilangan vaqtdan kechroq boshlandi. Shu sababli ham endi chempionat avvalgidek mayda emas, avgustda yakunlanadi. Katta ehtimol bilan shartnoma muddatini uzaytiramiz. Chunki aksariyat legionerlarning shartnomasi shunday ko'rinishda imzolangan.
- Bangladeshda gol urish oson ekanmi?
- Bunday deb o'ylamayman. Boisi, kuchli chempionatdan kelgan ko'zga ko'ringan hujumchilar ham gol urishda qiynalishyapti. Sababi, klublar o'z tarkiblariga kuchli legioner himoyachilarni qo'shib olishgan. Ko'z tegmasin, hozircha maydonga tushgan har bir o'yinimda raqib darvozasini ishg'ol qilyapman. Kubok bahslarida 5ta, chempionatda bitta to'p kiritdim.
- Sof hujumchi sifatida o'ynayapsizmi?
- Yo'q. Hujumchi ortida harakat qilyapman. Nigeriyalik jamoadoshim sof hujumchi vazifasini bajaryapti.
- O'zbekiston milliy jamoasining Osiyo kubogidagi ishtirokini kuzatdingizmi? Ektor Kuper haqida nima deya olasiz?
- Kutilgan natija bo'lmaganidan keyin bu mavzuda gapirish ham qiyin. Baribir, o'zbek futboli himoyaviy taktikaga moslashmagan. Barcha davrlarda ham termalarimiz hujumkor futbol namoyish qilishgan. Bizning futbolchilarimiz Eron jamoasining o'yinchilariga o'xshab jismonan baquvvat bo'lmaganidan keyin himoyaviy taktikada o'ynash foyda keltirishi qiyin. Balki Ektor Kuper shu Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatsiz ishtirokdan so'ng o'zi uchun tegishli xulosalarni chiqarib, jahon chempionati saralashida taktikani o'zgartirar?! Har holda, shunday bo'lishi tarafdoriman.