Tokioda sport federatsiyalari bilan navbatdagi muzokaralar tashkil etildi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 4484
Kecha O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi vitse-prezidenti Komil Ro'ziev hamda MOQning Yaponiyadagi maslahatchisi Mansur Baxriddinov Tokio Olimpiya va Paralimpiya o'yinlarini o'tkazish ishlari vaziri, Yaponiya parlamenti deputati Yoshitaka Sakurada, shuningdek, Tokio jismoniy tarbiya universiteti prezidenti bilan uchrashuvlar o'tkazishgani haqida xabar qilgandik.
Bugun ana shu uchrashuvlarning mantiqiy davomi sifatida navbatdagi muzokaralar bo'lib o'tdi. Ular avvaliga «Kodokan» dzyudo markazi prezidenti Xaruki Uemura bilan ko'rishishdi. Uchrashuv davomida tomonlar olimpiya sport turi hisoblangan dzyudoni rivojlantirish bo'yicha hamkorlik istiqbollari bo'yicha fikr almashdilar.
Shuningdek, X.Uemura O'zbekiston MOQ vakillariga o'zbek sportchilarining yuqori tayyorgarligi Tokio 2020 Olimpiadasidagi muvaffaqiyatning asosiy omili ekanligini alohida qayd etib o'tdi. MOQ delegatsiyasi vakillari u erda Olimpiya o'yinlariga ko'rilayotgan tayyorgarlik, musobaqalar o'tkaziladigan va xorijdan tashrif buyuradigan sportchilar yig'in olib boradigan sport ob'ektlarini ko'rishdi.
Keyingi uchrashuv esa Yaponiya boks federatsiyasi prezidenti Sadanobu Uchida bilan tashkil etildi. Janob Uchida Yaponiya hamda O'zbekiston boks federatsiyalari o'rtasida yaqindan hamkorlik yo'lga qo'yilgani, tomonlar sportchilarni tayyorlash bo'yicha birgalikda ish olib borilayotganliklari haqida ma'lum qildi. Shuningdek, u o'zbek boks maktabi boy tarixga va mukammal tizimga ega ekanligi, bu Yaponiya boks federatsiyasi uchun ulkan tajriba manbai ekanligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston MOQ vakillari hamkorlikni davom ettirishga va Tokio Olimpiadasi oldidan muhim bo'lgan yangi qo'shma loyihalarda birga ishlashga tayyor ekanliklarini ta'kidlab o'tishdi.