Pro liga translyatsiyasi evrofutbolga qanchalik ta'sir qiladi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 407
Hech qancha! Shunday savollar bo'layotgani uchun javob berib ketishni lozim deb topdim. Xavotirga o'rin yo'q, Pro liga siz sevib tomosha qilayotgan futbollar o'rniga efirga chiqmaydi, u UzReportda o'z o'rniga ega bo'ladi.
Axir kim ham evrofutbolni Pro liga bilan almashtirishi mumkin?! Bu aqlga sig'maydi. Evrofutbol o'z auditoriyasi ega, uning translyatsiyasi allaqachonlar aniq yo'nalishini topib ulgurgan. Ularning orasiga hatto boshqa chempionatni joylashtirishning imkoni yo'q. Sababi ba'zida A seriyaning o'zi ortiqchadek tuyuladi. Asosan shanba va yakshanba kunlari bo'lib o'tadigan uch chempionat uchrashuvlarini programmaga kiritishning o'zi mushkul. Har safar qaysidir yaxshi o'yindan voz kechishga to'g'ri keladi, chunki undan yaxshiroqlari albatta chiqadi. Shuning uchun bu raqobatning ichiga to'rtinchi chempionatni qo'shishning iloji yo'q.
Nima qilamiz? Pro liga taqvimini UzReport programmasidan kelib chiqib qayta ko'rib chiqamiz. Ya'ni, bizning Pro liga evrofutbolga xalal qiladigan kunlarda yoki kamida soatlarda bo'lmaydi. Biz 2021 yildan boshlab hattoki Superliga uchrashuvlarini evrofutbol bilan kesishmaydigan vaqtlarga joylashtirishni rejalashtirganmiz. Bu haqda Sport-TV rahbari bilan fikr almashib ulgurganmiz. Chunki aniq bilamizki, evrofutbol bilan raqobat qila olmaymiz. O'sha evrofutbol auditoriyasi mehrini sekin-asta qozonish uchun ham programmada yo'llarimiz kesishmasligi shart. Evrofutbol muxlislarining diqqatlari bo'shroq sanalarni nishonga olamiz. Ha, ular tanqid qilishlari, hazm qila olmasliklari katta ehtimol, ammo birlamchi vazifamiz ularning diqqatini tortish. Diqqat tortilishi uchun esa o'sha muxlislarning ko'zlari evrofutbolda bo'lmasligi kerak.
Evrofutbolni o'zimiz ham ko'rishni istaymiz. Evrofutbolni nafaqat biz, murabbiylarimiz-u futbolchilarimiz ham ko'rishlaridan manfaatdormiz. Chunki o'rganadigan jihatlarimiz ko'p.
Diyor Imomxo'jaev.