Qozog'iston klubining 25 nafar futbolchisida koronavirus aniqlandi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 341
Qozog'istonning «Qaysar» klubi bosh murabbiyi Stoycho Mladenov klubda koronavirus infektsiyasi tarqalganini ma'lum qildi. Bu haqda «Sports.kz» xabar bermoqda.
«Qaysar»ning 10 nafar o'yinchisi koronavirus uchun topshirgan test natijalari ijobiy chiqdi, agar yoshlar jamoasi vakillarini ham hisoblasak, kasallanganlarning umumiy soni 25 kishini tashkil qiladi. Men va murabbiylik shtabi vakillarining test natijalari salbiy. «Qaysar» o'yin o'tkazishda davom etadimi? Bilmaymiz. Mashg'ulotlar bekor qilindi, qarorni kutmoqdamiz», — deydi Mladenov.
«Qaysar» 1 iyul sanasida Qozog'iston Premer Ligasining 3-turi doirasida «Taraz»ga qarshi o'yin o'tkazishi kerak edi.
Eslatib o'tamiz, Rossiyaning «Rostov» klubida koronavirusga chalinish holati qayd etilgan va asosiy jamoaning barcha a'zosi 14 kunlik karantinga olingandi. Keyinchalik jamoa chempionat doirasida «Sochi»ga qarshi kechgan o'yinda yoshlar jamoasidagi futbolchilardan foydalanishga majbur bo'ldi va 1:10 hisobida yutqazdi.