Sardor Qudratullaev: «Bunyodkor» futbol klubi yuzimizni yorug' qildi»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 391
Yurtimizga katta futbol qaytdi. Uch oylik tanaffusdan keyin Superliga yana davom ettirilmoqda. Faqat uchrashuvlar muxlislarsiz va sanitariya-gigiena talablariga qat'iy amal qilgan holda o'tkazilmoqda. Biz uchun ahamiyatlisi, restartning birinchi o'yini «Bunyodkor» ishtirokidagi bahsga to'g'ri keldi. Katta mas'uliyat talab qilgan mazkur bellashuvdan so'ng jamoamizning yuzi har tomonlama yorug' bo'ldi. «Bunyodkor» g'alaba qozondi! Belgilangan sanitariya-gigiena talablari kamchiliksiz bajarildi. Bu haqda «Bunyodkor» - «Qo'qon-1912» uchrashuvining komissari Sardor Qudratullaev ham ijobiy fikr bildirdi.
"Uch oylik tanaffusdan keyin pandemiya vaqtida sanitariya va gigiena me'yorlari ostida o'tadigan ilk o'yinga komissarlik qilish kaminaga yuklatilgandi. Shu bois tabiiyki biroz hayajon va bosim bo'ldi. Bu hayajon va bosim mas'uliyatdan deb bilaman. Zero, har doim birinchi o'yin muhim ahamiyat kasb etgan. Bosimi yuqori bo'lgan. Sababi, hamma birinchi o'yin qanday o'tishini kutadi, diqqat bilan kuzatadi. Shukr, «Bunyodkor» futbol klubi o'ziga yuklatilgan vazifalarni a'lo darajada bajardi. Respublika maxsus komissiyasi qo'ygan talablar bo'yicha «Bunyodkor» jamoasi kamchilikka yo'l qo'ygani yo'q. Buning uchun klub rahbariyatiga, stadion direktsiyasiga, mas'ul xodimlarga minnatdorchilik bildiraman. Boisi, birinchi uchrashuv, aytganimdek bu katta mas'uliyat. Qolaversa, bahs oynai jahon orqali to'g'ridan-to'g'ri efirda namoyish etildi. Shunday vaziyatda «Bunyodkor» futbol klubi barchamizning yuzimizni yorug' qildi", — Sardor Qudratullaev.